“O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O’zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi to‘g‘risidagi Nizom”ga muvofiq, O’zbekiston Texnik jihatdan tartibga solish agentligiga, eksport qiluvchi korxonalarda va sanoat mahsulotlarini xalqaro standartlarga muvofiq sertifikatlashda mahsulot sifatini boshqarishning zamonaviy tizimlarini keng joriy etish vazifasi yuklangan bo‘lib, uning doirasida Agentlik:
- davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari bilan birgalikda korxonalarda zamonaviy sifat menejmenti tizimlarini joriy etish jadvallarini tasdiqlaydi va ularning amalga oshirilishini ta’minlash bo‘yicha nazoratni amalga oshiradi;
- eksportga yo‘naltirilgan mahsulotlarni xalqaro standartlarga muvofiq, shu jumladan, xalqaro darajada e’tirof etilgan muvofiqlikni baholash organlarini jalb etgan holda sertifikatlashtirish ishlarini tashkil etadi;
- xalqaro standartlarga muvofiq sifat menejmenti tizimlarini joriy etishning afzalliklarini ommaviy axborot vositalarida keng yoritib borishni amalga oshiradi;
- sifat menejmenti tizimini joriy qilgan korxonalar ro‘yxatiini yuritadi.
Menejment tizimlarini ishlab chiqish va joriy etish korxonalar tomonidan mustaqil ravishda yoki tegishli malakaga ega bo‘lgan maslahatchini jalb etish orqali amalga oshiriladi. Bunda maslahatchini jalb etish ochiq tanlov asosida amalga oshiriladi.
Sifat menejmenti tizimlarini sertifikatlashtirish “O’zbekiston akkreditatsiya markazi” DM tomonidan belgilangan tartibda akkreditatsiya qilingan boshqaruv tizimlarini sertifikatlashtirish organlari tomonidan amalga oshiriladi.
Menejment tizimlari bo‘yicha mavjud akkreditatsiya qilingan sertifikatlashtirish organlari ro‘yxati bilan “O’zbekiston akkreditatsiya markazi” DUKning rasmiy veb-saytida (akkred.uz) tanishish mumkin.
Sifat menejmenti tizimlarini sertifikatlashtirish bo‘yicha akkreditatsiya qilingan organlar O’zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2016-yil 16-yanvardagi 2754-son bilan ro‘yxatga olingan «Menejment tizimlarini sertifikatlashtirish tartibi to‘g‘risida»gi nizomga muvofiq xizmatlar ko‘rsatadi.
Davlat reestriga kiritilgan sifat tizimi joriy etilgan korxonalar ro‘yxati bilan O’zbekiston Texnik jihatdan tartibga solish agentligining saytida tanishish mumkin
Fuqarolar va tadbirkorlik subektlari uchun menejment tizimlarini sertifikatlashtirish bo‘yicha barcha xizmatlar Menejment tizimlarini sertifikatlashtirish axborot tizimi (https://public.standart.uz/applications/iso/creator) orqali amalga oshiriladi.