Muvofiqlikni baholash va tasdiqlash tizimi
Muvofiqlikni baholash mahsulotning, ishlab chiqarish jarayonlarining, xizmatlarning, menejment tizimlarining, xodimlarning texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiqligini aniqlashga doir faoliyatdir.
Muvofiqlikni baholash organi muvofiqlikni baholash tartib-taomillarini bajaradigan yuridik shaxsdir.
Muvofiqlikni baholash tartib-taomili texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlardagi tegishli talablarga rioya etilishini aniqlash maqsadida to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki bilvosita qo‘llaniladigan tartib-taomildir.
Namunalar olish, sinash va tekshirish, muvofiqlikni baholash va tasdiqlash, davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, shuningdek ularning majmui muvofiqlikni baholash tartib-taomillari jumlasiga kiradi.
Agar mahsulot, uni ishlab chiqarish jarayonlari yoki usullari texnik reglamentda havola berilgan standartlar talablariga javob bersa, ular texnik reglament talablariga muvofiq deb topiladi.
Mahsulotning, uni ishlab chiqarish jarayonlarining yoki usullarining texnik reglamentlar talablariga muvofiqligi prezumptsiyasini ta’minlaydigan standartlar ro‘yxati maxsus vakolatli davlat organi tomonidan o‘z rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi.
Muvofiqlikni tasdiqlash texnik reglamentlarda yoki muvofiqlikni baholash qoidalarida belgilangan muvofiqlikni baholash tartib-taomillarini qo‘llash orqali amalga oshiriladi.
Muvofiqlikni tasdiqlash majburiy yoki ixtiyoriy ravishda bo‘lishi mumkin.
Texnik reglamentlarda belgilangan muvofiqlikni majburiy ravishda tasdiqlash quyidagi shakllarda amalga oshiriladi:
muvofiqlikni deklaratsiya qilish;
majburiy sertifikatlashtirish.
Muvofiqlikni ixtiyoriy ravishda tasdiqlash ixtiyoriy sertifikatlashtirish shaklida amalga oshiriladi.
Faqat O’zbekiston Respublikasi hududida muomalaga chiqarilayotgan mahsulotgina muvofiqlikni majburiy ravishda tasdiqlash ob’ekti bo‘lishi mumkin.
Muvofiqlik to‘g‘risidagi deklaratsiya va muvofiqlik sertifikati teng yuridik kuchga ega hamda muvofiqlik to‘g‘risidagi deklaratsiyaning yoki muvofiqlik sertifikatining amal qilishi vaqtida muomalaga chiqariladigan mahsulotga nisbatan mahsulotning yaroqlilik muddati yoxud xizmat muddati davomida O’zbekiston Respublikasining butun hududida amal qiladi.
Mahsulot, ishlab chiqarish jarayonlari, xizmatlar, menejment tizimi hamda standartlarda va shartnomalar shartlarida qaysi boshqa ob’ektlarga nisbatan talablar belgilangan bo‘lsa, o‘sha ob’ektlar muvofiqlikni ixtiyoriy ravishda tasdiqlash ob’ektlari bo‘lishi mumkin.
Mahsulotning muayyan turlarini sertifikatlashtirish uchun qo‘llaniladigan sertifikatlashtirish sxemalari, arizachilarning doirasi tegishli texnik reglamentlarda belgilanadi.
Belgilangan tartibda tayinlangan (notifikatsiya qilingan) muvofiqlikni baholash organi sertifikatlashtirishni arizachi bilan tuzilgan shartnomaga asosan amalga oshiradi
Majburiy sertifikatlashtirishni amalga oshirish chog‘ida mahsulotni sinash va o‘lchash akkreditatsiya qilingan sinash laboratoriyalari tomonidan o‘tkazilishi kerak hamda ularning natijalari bayonnomalar tarzida rasmiylashtiriladi.
Muvofiqlikni baholash organi sinash laboratoriyasi tomonidan berilgan bayonnomalar asosida muvofiqlik sertifikatini berish to‘g‘risida yoki uni berishni rad etish haqida qaror qabul qiladi..
Muvofiqlik sertifikati, basharti tanlangan muvofiqlikni tasdiqlash sxemasiga binoan barcha tartib-taomillarning bajarilishi ijobiy natijalar bergan bo‘lsa, muvofiqlikni baholash organi tomonidan arizachiga beriladi.
Muvofiqlik sertifikati muvofiqlikni baholash ob’ektlarining texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarda belgilangan talablarga muvofiqligini tasdiqlovchi hujjatdir.
Muvofiqlik sertifikati muvofiqlik sertifikatlarining va muvofiqlik to‘g‘risidagi deklaratsiyalarning reestrida ro‘yxatdan o‘tkazilishi lozim.
Muvofiqlik sertifikatining amal qilish muddati texnik reglamentlarda yoki muvofiqlikni tasdiqlash sxemalaridan kelib chiqqan holda, muvofiqlikni baholash qoidalarida belgilanadi.
Muvofiqlikni baholash protsedurasidan ijobiy natijalarga erishgan mahsulotlar Muvofiqlik belgisi bilan belgilanadi
O’zbekiston Respublikasidan tashqarida o‘tkazilgan muvofiqlikni baholash natijalarini O’zbekiston Respublikasida tan olish O’zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari hisobga olingan holda, O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Texnik reglamentlar talablariga rioya etilishi ustidan davlat nazorati davlat nazorati organlari tomonidan o‘z vakolatlari doirasida amalga oshiriladi.
Fuqarolar va tadbirkorlik subyektlari uchun mahsulotlarni sertifikatlashtirish bo‘yicha barcha xizmatlar Bojxona axborot tizimi – “Yagona darcha” TIS (http://singlewindow.uz/?lang=uz_UZ) orqali amalga oshiriladi.