“O‘zekspomarkaz”da “O‘zbekiston neft va gazi – OGU 2017” hamda “Energetika, energiya tejamkorligi, energiyaning muqobil manbalari – Power Uzbekistan 2017” xalqaro ko‘rgazmalari ochildi.
Tadbirlar “O‘zbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligi, “O‘zbekenergo” aksiyadorlik jamiyati, Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi “O‘zsuvenergo” maxsus birlashmasi, Savdo-sanoat palatasi, ITE Uzbekistan kompaniyasi hamkorligida tashkil etildi.
Ko‘rgazmaning ochilishida mamlakatimizda iqtisodiyotning barcha tarmoqlarini, jumladan, neft-gaz hamda energetika sohalarini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar yuksak samaralar berayotgani alohida ta’kidlandi.
Neft-gaz sanoati mamlakatimiz iqtisodiyotining yetakchi tarmoqlaridan. O‘zbekiston dunyo mamlakatlari orasida tabiiy gaz qazib olish bo‘yicha yetakchi o‘rinlardan birida turadi. Istiqlol yillarida mamlakatimiz neft va gaz sanoatida tub o‘zgarishlar amalga oshirildi. Mamlakatimiz gaz, polietilen va qayta ishlangan neft mahsulotlarining yirik eksportchisiga aylandi. Iqtisodiyotni erkinlashtirish, uning barcha sohalarini, jumladan, neft-gaz tarmog‘ini yanada rivojlantirishga xizmat qiladigan qulay sarmoyaviy muhit yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Sohada yangi inshootlarni barpo etish, mavjudlarini zamon talablari asosida rekonstruksiya hamda modernizatsiya qilish ishlari jadal davom etmoqda. Ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, ichki bozorda mahalliy mahsulotlar ulushini ko‘paytirish, mahalliylashtirishni kengaytirish, kooperatsiya aloqalarini rivojlantirish uchun qulay sharoit, imkoniyat va imtiyozlar yaratilmoqda. Bugungi kunda mamlakatimizda neft qayta ishlanmoqda, avtobenzin, dizel yoqilg‘isi, mazut, neft moylari, bitum, aviakerosin ishlab chiqarilmoqda. Gazni qayta ishlovchi zavodlar suyultirilgan gaz va polietilen ishlab chiqarishni yanada kengaytirishni mo‘ljallagan.
– Ushbu xalqaro ko‘rgazmaning ilmiy-texnik ahamiyati juda katta, – deydi “O‘zbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi bo‘lim boshlig‘i Akmal Matkarimov. – Mazkur anjuman sohada xalqaro hamkorlikni kengaytirishga, mavjud aloqalarni yanada mustahkamlashga, sarmoyaviy faoliyatimizni rivojlantirishga xizmat qilayotir. Kompaniyamiz tomonidan yaqin istiqbolda saksonga yaqin loyihani amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Joriy yilda Investitsiya dasturi doirasida xorijlik sarmoyadorlar ishtirokidagi umumiy summasi 16 milliard dollardan ziyod 20 loyihani amalga oshirish belgilangan. Mazkur xalqaro ko‘rgazmada ham ko‘plab foydali shartnomalar tuzish niyatidamiz.
Xorijiy sarmoyadorlar uchun yaratilgan qulay sarmoyaviy muhit, keng imkoniyat va imtiyozlar chet ellik ishbilarmonlarning hamkorlikka qiziqishini tobora oshirmoqda. “O‘zbekiston neft va gazi” ko‘rgazmasi ishtirokchilari safining yil sayin kengayib borayotgani mamlakatimiz neft-gaz sanoati salohiyatining yuksalayotganidan dalolatdir. Bu galgi ko‘rgazmada O‘zbekiston, Xitoy, Avstriya, Afg‘oniston, AQSh, Buyuk Britaniya, Germaniya, Daniya, Italiya, Indoneziya, Janubiy Koreya, Latviya, Niderlandiya, Norvegiya, Ozarbayjon, Polsha, Rossiya, Singapur, Turkiya, Ukraina, Fransiya, Chexiya, Shveytsariya kabi mamlakatlardan bir yuz yetmishdan ortiq firma va kompaniya qatnashmoqda.
– “O‘zbekiston neft va gazi” xalqaro ko‘rgazmasining doimiy ishtirokchisimiz, – deydi Yaponiyaning “Mitsubishi Heavy Industries” kompaniyalar guruhi vakili Aleksandr Bisikalo. – Neft-gaz sanoati sohasida muhim voqea hisoblangan ushbu ko‘rgazma o‘zbekistonlik sheriklarimiz bilan hamkorlikni yanada mustahkamlash imkonini berayotganidan g‘oyat mamnunmiz. O‘zbekistonda erkin va samarali faoliyat yuritish uchun barcha qulaylik va imkoniyatlar mavjud.
“O‘zbekiston neft va gazi – OGU 2017” ko‘rgazmasi mutaxassislarga neft va gaz qazib olish, uglevodorodlarni tashish, qayta ishlash borasida milliy va xorijiy kompaniyalar erishgan eng so‘nggi yutuqlar bilan yaqindan tanishish hamda istiqbolli loyihalarni amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Ko‘rgazma pavilyonlaridan neft va gaz qazib olish, qayta ishlashni jadallashtirish imkonini beradigan zamonaviy texnologiyalar joy olgan. Yetakchi neft-gaz kompaniyalari tomonidan sohadagi eng so‘nggi yutuqlar namoyish etilmoqda.
Ko‘plab mamlakatlarning yoqilg‘i-energetika majmui rahbarlari, olim va mutaxassislar, ishbilarmon doiralar vakillari ishtirok etayotgan “OGU 2017” ko‘rgazmasi neft-gaz sohasi borasida fikr va tajriba almashish, o‘zaro foydali biznes aloqalarini o‘rnatish va mavjud hamkorlikni yanada rivojlantirish, birgalikda yangi loyihalar ishlab chiqish va amalga oshirish, yangi shartnomalar imzolash imkonini beradi.
«Energetika, energiya tejamkorligi, energiyaning muqobil manbalari – Power Uzbekistan 2017» xalqaro ko‘rgazmasi energetika tarmog‘ida yangi ishlanmalar va ilg‘or texnologiyalarni joriy etish, xalqaro aloqalarni mustahkamlash hamda sarmoyalarni jalb etishda muhim amaliy ahamiyatga ega. Qamrovi va ishtirokchilari safi tobora kengayib borayotgan mazkur xalqaro anjuman O‘zbekistonning energetika majmuasini rivojlantirish va modernizatsiyalash borasidagi boy salohiyatini namoyish etmoqda. Ko‘rgazma stendlarida elektr va issiqlik energiyasi ishlab chiqarish, issiqlik bilan ta’minlash sohasidagi ishlanmalar, energiyani o‘zgartirish, uzatish va taqsimlash uskunalari, muqobil energiya manbalari, energiyani tejash sohasidagi eng yangi yutuqlar, maishiy maqsadlarda qo‘llaniladigan issiqlik, energiya, gaz, suv hisobini yuritish va nazorat qilish asboblari singari mahsulotlar namoyish qilinmoqda.
Mamlakatimizda issiqlik ta’minoti tizimini rivojlantirishga, gidroenergetikani yanada yuksaltirishga qaratilgan izchil islohotlar yuksak samara bermoqda. Bu borada 2017-2021-yillarda gidroenergetikani yanada rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi O‘zbekistonda qayta tiklanadigan energiyaning ekologik toza manbalaridan keng foydalanish hisobiga energetika yangi quvvatlarini yaratish va mavjudlarini modernizatsiya qilishda muhim dasturilamal bo‘layotir.
Ko‘rgazmada O‘zbekiston, Xitoy, Germaniya, Italiya, Latviya, Polsha, Rossiya, AQSh, Turkiya va Ukraina kabi mamlakatlardan qirq beshta firma va kompaniya o‘z mahsulot va xizmatlarini taklif etmoqda.
Mamlakatimizda muvaffaqiyatli faoliyat ko‘rsatayotgan “Chirchiq Transformator Zavodi”, “Hi-Tech Kabel”, “Procab” singari kompaniyalar ko‘rgazmada taklif qilayotgan energetika uskunalari va elektrotexnika mahsulotlari yuqori sifati, xalqaro andozalarga mosligi va unumdorligi bilan ko‘pchilikda katta qiziqish uyg‘otmoqda.
– Tadbirkorlik subyektlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilayotgan yuksak e’tibor samarasida faoliyatimiz yildan yilga kengayib bormoqda, – deydi “Hi-Tech Kabel” korxonasi tijorat direktori Azizjon Usmonov. – Bugungi kunda korxonamiz qo‘shni davlatlarga yuqori sifatli kabellar yetkazib bermoqda. Ko‘rgazmada xorijiy sheriklarni yanada kengaytirishni rejalashtirganmiz.
Ko‘p tomonlama aloqalarni rivojlantirishda, qo‘shma korxonalar tashkil etish uchun zarur sharoit yaratishda «Energetika, energiya tejamkorligi, energiyaning muqobil manbalari – Power Uzbekistan 2017» ko‘rgazmasining ahamiyati katta. Mazkur tadbirdan asosiy maqsad ham iqtisodiyotimizni yanada rivojlantirish, elektr energetikasi sohasida foydalanishga mo‘ljallangan ilmiy yangiliklar va sanoat uskunalarini, eng so‘nggi texnologik ishlanmalarni namoyish etish, tajriba almashish, korxonalar, tashkilotlar, firma va kompaniyalar o‘rtasidagi kooperatsiya aloqalarini yanada kengaytirish va shu orqali mamlakatimiz energetika sohasini yanada taraqqiy ettirishdan iboratdir.
– O‘zbekiston iqtisodiy jihatdan barqaror rivojlanayotir, – deydi Rossiyaning “Ob’edinennaya dvigatelestroitelnaya korporatsiya” kompaniyasi bo‘lim boshlig‘i Aleksey Lapin. – O‘zbekistonda ish yuritish uchun barcha zarur omillar, qulay sharoit, imkoniyatlar, preferensiyalar mavjud. Xorijiy ishbilarmonlarning mamlakatingiz biznes odamlari bilan hamkorlikni kengaytirishga qiziqishi katta. Maqsadimiz O‘zbekiston energetika bozoridagi o‘rnimizni kengaytirish, yangi hamkorlar topish va foydali aloqalarni rivojlantirishdir.
Mamlakatimizda energiyani tejaydigan zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etishga katta e’tibor qaratilmoqda. Bunda muqobil energiyadan foydalanish ko‘lamini kengaytirish muhim ahamiyatga ega. Muqobil energiya manbalari orasida quyosh energiyasi alohida o‘rin tutadi. Serquyosh mamlakatimiz – quyosh nuridan energiya olish texnologiyalarini qo‘llash uchun juda qulay. O‘zbekistonning yalpi quyosh energiyasining yillik salohiyati 50 milliard 973 million tonna neft ekvivalentiga tengdir. Quyosh energiyasi ekologik sofligi va qulayligi nuqtai nazaridan istiqbollidir. Quyosh qurilmalari, ayniqsa, markazlashgan elektr va issiqlik tizimlaridan uzoqda joylashgan hududlarni elektr energiyasi va issiqlik bilan ta’minlashda qulaydir.
Ko‘rgazma energetika sanoatining elektr energetikasi, elektrotexnika, ko‘mir sanoati, qurilish, energiya obyektlarini himoyalash, avtomatlashtirish, nazorat qilish va boshqarish kabi barcha zamonaviy yo‘nalishlarini o‘zida mujassam etgan. Unda turli elektr mashinalari va butlovchi qismlar, past va yuqori voltli uskunalar, kabellar, simlar, izolyatorlar, transformatorlar, elektr-montaj uskunalari, yoritgichlar, yorug‘lik o‘lchash asboblari va texnik xizmat ko‘rsatishga oid ko‘plab bo‘limlar mavjud.
Ko‘rgazmalarning ochilishida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari G‘.Ibragimov so‘zga chiqdi.
- Bosh sahifa
- Agentlik haqida
- Hujjatlar
- Oʻzbekiston Respublikasi Qonunlari
- Normativ huquqiy hujjatlar loyihalari (muhokama)
- Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmon va qarorlari
- Vazirlar Mahkamasining qaror va farmoyishlari
- Boshqa me'yoriy-huquqiy hujjatlar
- Kuchini yoʻqotgan hujjatlar
- Agentlik me'yoriy hujjatlari
- Me'yoriy-huquqiy hujjatlar loyihalari
- Huquqiy savodxonlik
- Axborot xizmati
- Press - reliz
- E`lonlar va tenderlar
- Videogalereya
- Fotogalereya
- Yangiliklar
- Nashrlar va Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi rahbariyati maʼruzalari
- Konstitutsiya sahifasi
- Tahliliy ma'lumotlar
- Sohaga oid ko'rsatkichlar
- Ochiq materiallar ro'yhati
- Cheklangan ma’lumotlar ro‘yhati
- Davlat dasturlari
- Byudjet to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlariga muvofiq ochiq ma'lumotlar
- Yoshlar siyosati
- Axborotni taqdim etishga mas’ul bo‘lgan mansabdor shaxslar
- Axborot materiallari ro‘yhati
- Ochiq hay’at majlisi Nizomi
- Faoliyat
- Xizmatlar
- Elektron hukumat
- Bogʻlanish