Vatanimiz mustaqilligining 26-yilligi arafasida poytaxtimizning Sergeli tumanida 66 ko‘p qavatli uy foydalanishga topshiriladi. Zamonaviy shaharsozlik talablari asosida bunyod etilayotgan mazkur uylar 2 ming 500 dan ziyod oilaning turar joyga bo‘lgan ehtiyojini qondirish imkonini yaratadi. E’tiborlisi, uylar oilalarga imtiyozli ipoteka krediti orqali beriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi tomonidan ushbu qurilish maydoniga tashkil etilgan media-turda bu alohida ta’kidlandi.
Qo‘mita raisining o‘rinbosari A.Tojiyev va boshqalar barcha shaharu qishloqlarimizda keng ko‘lamli bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlarining amalga oshirilayotgani aholining hayot sifati yuksalishiga xizmat qilayotganini ta’kidladi. Bu borada Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2016-yil 22-noyabrdagi «2017-2020-yillarda shaharlarda arzon ko‘p kvartirali uy-joylar qurish va rekonstruksiya qilish dasturini amalga oshirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori islohotlarning yangi bosqichini boshlab berdi.
Mazkur qarordan maqsad shaharda yashayotgan aholini, shu jumladan, yosh oilalar, uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan boshqa toifadagi fuqarolarni arzon, qulay, zamonaviy uy-joylar bilan ta’minlash yo‘li bilan ularning turmush darajasini yanada oshirish va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirishdan iboratdir.
Qarorga muvofiq, 2017-2020-yillarda shaharlarda 945 ko‘p xonadonli uy-joy qurilishi rejalashtirilgan. 2017-yilda 191 ko‘p xonadonli uy qurilishi belgilangan bo‘lib, shu kunlarda ularni qurish ishlari jadal amalga oshirilmoqda. Shundan 102 tasi Toshkent shahrida bunyod etilmoqda.
Sergeli tumanidagi qurilish ishlari uchta maydonda olib borilmoqda. Birinchi maydondagi 66 ta yetti qavatli uyning kalitlari xonadon sohiblariga mustaqilligimizning 26-yilligi bayrami arafasida topshirilishi ko‘zda tutilayotgan bo‘lsa, boshqa maydonlardagi 36 ta ko‘p qavatli uyni qurish ishlari ham boshlab yuborilgan.
Mazkur uylar qurib bitkazilishi bilan 4 mingdan ziyod oila o‘z shaxsiy xonadoniga ega bo‘ladi. Ko‘p xonadonli uylar mamlakatimizda ishlab chiqarilgan zamonaviy qurilish materiallari asosida barpo etilmoqda. Shuningdek, maktablar, bolalar bog‘chalari, dam olish joylari, poliklinikalar, bolalar maydonchalari, avtomobil turar joylari, chiqindi yig‘ish punktlari qurilishi rejalashtirilgan. Hudud obodligi ta’minlanadi.
Jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.