2017 yilning 8 fevral kuni Al-Quvayt shahrida O‘zbekiston-Quvayt biznes forumi bo‘lib o‘tdi. Forum ishida Quvayt davlatida rasmiy tashrif bilan bo‘lib turgan O‘zbekiston Respublikasi Hukumati delegatsiyasi ishtirok etdi.
Forumning ochilish marosimidagi nutqida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Quvayt Savdo-sanoat palatasidagi tadbirdan bag‘oyat mamnun bo‘lganini izhor etdi. Ushbu tadbir savdo-iqtisodiy, moliyaviy-investitsion va boshqa sohalarda ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini birgalikda belgilab olishga xizmat qiladi.
Vazir O‘zbekiston-Quvayt aloqalarini yanada izchil rivojlantirish va davlatlar o‘rtasidagi ishlatilmagan salohiyatdan faol foydalanish uchun ulkan imkoniyatlar mavjudligiga alohida urg‘u berdi. Ta’kidlanganidek, hamkorlikning savdo-iqtisodiy va moliyaviy-investitsion yo‘nalishlari Quvayt bilan ikki tomonlama munosabatlarda eng ustuvor va istiqbolli soha sifatida qaraladi.
Quvayt ishbilarmonlar doirlari biznes-forum yakunlangandan so‘ng O‘zbekiston haqida, uning hozirgi ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti va istiqbol uchun ustuvor yo‘nalishlar hamda O‘zbekiston iqtisodiyotidagi tadbirkorlik faoliyati uchun yaratilgan ulkan imkoniyatlar to‘g‘risida yanada ko‘proq ma’lumotga ega bo‘lishlariga umid qilindi.
Ta’kidlandiki, biznes sohasidagi hamkorlikni kengaytirish va chuqurlashtirish uchun hozirgi paytda O‘zbekistonda barcha zarur sharoitlar yaratilgan: davlatlar o‘rtasida qalin va ishonchli siyosiy muloqot o‘rnatilgan, ikki tomonlama hamkorlikning shartnomaviy-huquqiy bazasi shakllantirilgan, xorijiy investorlar uchun qulay investitsiya muhiti yaratilgan.
Nutq davomida qayd etildiki, bir necha marta bo‘lib o‘tgan ikki tomonlama uchrashuvlar, jumladan 2016-yil oktabr oyida Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Quvayt Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari, Tashqi ishlar vaziri shayx Sabah al-Xolid al-Hamad as-Sabah bilan muloqoti savdo-iqtisodiy va investitsion hamkorlikni faol rivojlantirish va kengaytirish, o‘z mamlakati ishbilarmon doiralarini aloqa o‘rnatish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga rag‘batlantirish uchun ikki tomonda ham siyosiy iroda mavjudligidan dalolat berdi.
Nutqda ta’kidlanganidek, mustaqillik yillarida O‘zbekistonda xorijiy investorlar uchun keng huquqiy kafolat va imtiyozlar tizimi shakllantirildi, korxonalarning xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi faoliyatini rag‘batlantirish bo‘yicha chora tadbirlar tizimi ishlab chiqildi.
Biznes-forum ishida Quvayt Savdo-sanoat palatasi Direktorlar kengashi a’zolari, yetakchi Quvayt kompaniyalari, jumladan “KIPCO”, “KAMCO”, Quvayt investitsion kompaniyalari, Quvayt investitsiya agentligi, “Thuwany Trading Company” kompaniyasi, “Burgan Bank” banki vakillari va boshqalar ishtirok etdilar.