Prezidentimiz Shavkat Mirziyeyovning 2016-yil 21-dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini muddatli harbiy xizmatga navbatdagi chaqiruvi hamda belgilangan xizmat muddatlarini o‘tab bo‘lgan harbiy xizmatchilarni Qurolli Kuchlar rezerviga bo‘shatish to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan yigitlarni tantanali kuzatish marosimlari o‘tkazilmoqda. Ana shunday tadbirlardan biri Farg‘ona shahridagi “Marg‘ilonsoy” majmuasida bo‘lib o‘tdi.
Farg‘ona viloyati hokimligi, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, harbiy xizmatchilar, bo‘lajak askarlar, ularning ota-onalari ishtirok etgan tadbirda mamlakatimiz mudofaa tizimida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar yuksak samaralar berayotgani, harbiy xizmatga yoshlarimizning qiziqish va intilishi tobora ortib, Vatan himoyachisi bo‘lish yuksak sharaf ishiga aylangani alohida ta’kidlandi.
Birinchi Prezidentimiz rahnamoligida milliy armiyamiz qudratini yuksaltirish borasida amalga oshirilgan tub islohotlar samarasida harbiy xizmatga chaqirilayotgan yigitlarni tantanali kuzatish, zaxiraga bo‘shatilgan askarlarni kutib olish yaxshi an’anaga aylandi. Bu marosimlarni yuqori saviyada uyushqoqlik bilan o‘tkazish uchun viloyat mudofaa ishlari boshqarmalarida yig‘in, tuman mudofaa ishlari bo‘limlarida chaqiruv punktlari qurilib, chaqiriluvchilar va kuzatuvchilar uchun barcha qulayliklar yaratildi.
Yigitlarni muddatli harbiy xizmatga kuzatish marosimi katta shodiyonaga aylandi. Bo‘lajak askarlarning Vatanga muhabbat, elu yurtga sadoqat tuyg‘ulari jo‘sh urib turgan yuz-ko‘zlaridagi g‘ayrat-shijoati barchada katta havas uyg‘otdi.
– O‘zim harbiy bo‘lganim uchun ham farzandimning barcha saralash bosqichlaridan muvaffaqiyatli o‘tib, muddatli harbiy xizmatga jo‘nab ketayotganidan xursandman, – deydi Toshloq tumanida yashovchi Mirodil Mirsoliyev. – Mamlakatimizda hukm surayotgan tinchlik va osoyishtalik xalqimizning eng katta boyligidir. Albatta, buni ta’minlashda O‘zbekiston Qurolli Kuchlarining o‘rni beqiyos. Bugun niyati ezgu, qadami shaxdam yigitlar safiga o‘g‘lim Mirjahonning qo‘shilayotgani qalbimni g‘ururga to‘ldirmoqda.
– Vatan himoyasiga otlanayotganimdan faxrlanaman, – deydi chaqiriluvchi Jasurbek Xolmurodov. – Mamlakatimizda biz, yoshlarga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlik tufayli orzularim ro‘yobga chiqmoqda. Sportning taekvondo turi bilan shug‘ullanib, mamlakat va xalqaro musobaqalarda g‘olib bo‘ldim. Biz Vatanimiz tinchligi, xalqimiz osoyishtaligini ko‘z qorachig‘idek asrash uchun mas’ul ekanimizni teran anglaymiz.
Marosimda bo‘lajak askarlarga esdalik sovg‘alari topshirildi. San’atkorlar ijrosida kuy-qo‘shiqlar yangradi.
Manba: O'zA