Toshkent shahrida faoliyat yuritayotgan kichik biznes sub’ektlarini qo‘llab quvvatlash va ularga sifatli xizmatlar ko‘rsatish maqsadida, “O‘zstandart” agentligining Toshkent shahar standartlashtirish va metrologiya boshqarmasi”, “Respublika sinov va sertifikatlashtirish markazi” DK va Toshkent shahar sinov va sertifikatlashtirish markazi” DK xodimlari va tuman xokimiyatlari mutaxassislari bilan birgalikda tadbirkorlar ishtirokida seminarlar o‘tkazildi.

Toshkent shahar xokimi tomonidan tasdiqlangan chora-tadbir rejasiga asosan tumanlarda joylashgan korxonalarda standartlashtirish, metrologiya, sertifikatlashtirish va sifatni boshqarish tizimlarini joriy etish sohalariga oid o‘quv seminarlari o‘tkazildi. Seminarlar joriy yilning yanvar oyida Yashnabod, Yunusobod, Sergeli, Chilonzor tuman xokimiyatlarida o‘tkazildi.

Seminar davomida sohaga oid bir qator qonun hujjatlari maqsadi va mohiyati to‘g‘risida, xususan sifat menedjment tizimlarini xalqaro ISO 9001 standartiga muvofiq korxonada joriy etish tartibi to‘g‘risida atroflicha ma’lumotlar berildi. Jumladan ISO 9001 seriyali standartlari bo‘yicha belgilangan prinsiplar, jarayonlar hujjatlarini yaratish, havflarni analiz qilish va ularning oldini olish, shuningdek standartning eski va yangi taxriri to‘g‘risida ma’lumot hamda ular o‘rtasidagi farq to‘g‘risida tushuncha berildi. Shu bilan birga, korxonalarda sifat tizimlarini joriy etish va sertifikatlashtirishga berilgan imtiyozlar to‘g‘risida ma’lumotlar berildi.