Elektromagnit mos keluvchanlik nima?


Zamonaviy jamiyatning ko‘rsatkichlaridan biri elektr, elektron va radioelektron jihozlarning ko‘pligidir. Ko‘plab elektrotexnik va elektron priborlar (mikroto‘lqinli pechlar, sovutgichlar, isitish qurilmalari, chang yutgich va h.k.) kundalik turmushimizda ishlatadigan jihozlarga aylangan. Bu jihozlarsiz zamonaviy inson hayotini deyarli tasavvur qilib bo‘lmaydi. Har jihatdan qulay yashash uchun unga albatta radiopriyemnik, televizor, telefon va boshqa aloqa vositalari zarur. Radioelektron texnologiyalar boshqaruv strukturasiga, navigatsiya, aerokosmik kompleksga kirgan. Biz radialoqa, navigatsiya, samoletlarga yo‘l ko‘rsatish tizimlari, qo‘riqlash tizimlari va boshqalardan voz kecha olmaymiz. Biroq, bir tomondan, texnik vositalarning ishi ko‘proq yoki kamroq darajada turli elektromagnit xalaqitlarni yuzaga keltiradi. Atrof muhitning shu xalaqitlar bilan ifloslanishi yuzaga keladi. Boshqa tomondan radioelektron jihozlarning o‘zi har xil turdagi elektromagnit ta’sirlarga sezuvchan. Bunday xalaqitlar ta’siri natijasida jihozlar ishida, ularning ishdan chiqishi, avariya va to‘xtab qolishlariga olib keladigan har xil buzilishlar yuzaga keladi. Bularning oqibati aholi va atrof muhit uchun fojiali bo‘lishi mumkin. Elektromagnit mos keluvchanlik kabi muammo shundan kelib chiqqan.
EMMK muammosi namoyon bo‘lishining o‘ziga xos misollari quyidagilar bo‘lishi mumkin:
AES tekshiruv va boshqaruv tizimlarining ishlamay qolishi;
ishlab chiqarishda, jumladan kimyoviy ishlab chiqarishda, tekshiruv va boshqaruv tizimlarining ishlamay qolishi;
samoletlarning bort tizimlari va aerodrom yo‘l ko‘rsatish tizimlarining ishlamay qolishi;
tibbiy diagnostika va hayotni ta’minlash apparaturalarining to‘xtab qolishi;
har xil turdagi radio-elektron jihozlar, ayniqsa yuqori chastotali jihozlar (uyali telefonlar, kompyuterlar, radiostansiyalar, O‘YuCh-pechlar, YuCh-uskunalar, yuqori voltli uzatish liniyalari va h.k.) elektromagnit nurlanishining inson sog‘ligiga bevosita ta’siri.
Inson xavfsizligiga bevosita ta’siridan tashqari elektromagnit mos keluvchanlik (EMMK) talablari bajarilmasligi natijasida jiddiy moddiy zarar yetkazuvchi qator hodisalar ham mavjud:
aloqa liniyalarining ishlamay qolishi;
kompyuterlarda axborot yo‘qolishi (ayniqsa elektron to‘lov tizimlaridagi yo‘qolishlar sezilarli).
Shuning uchun mahsulot sifatining elektromagnit mos keluvchanlik parametrlari bo‘yicha ta’minlanishi bevosita mahsulotning iste’molchilar hayoti, sog‘ligi, mulki uchun xavfsizligi va atrofdagi tabiat muhitining muhofazasi bilan bog‘liq.
Elektromagnit mos keluvchanlik – texnik vositalarning atrofdagi elektromagnit sharoitda aloqa vositalari va boshqa texnik vositalarga yo‘l qo‘yilmagan elektromagnit xalaqitlarni yuzaga keltirmagan holda, shu sharoitda qoniqarli ishlash qobiliyati.
Bunda elektromagnit mos keluvchanlikni (EMMK) ta’minlash uchun nafaqat nurlanishlar darajasini, balki xalaqitga bardoshlilikni ham reglamentlash zarur. Hozircha bu davlat standartlari yordamida amalga oshirilmoqda. Hozirgi vaqtda davlat standartlari (MDH doirasida) normalash va o‘lchash usullari jihatdan texnik vositalarning juda ko‘p elektromagnit mos keluvchanlik parametrlarini qamrab oladi. Standartlarimizning barchasi ham xalqaro talablarga javob bermaydi. Shuning uchun O‘zbekistonda ularni xalqaro va yevropa normativ-texnik hujjatlari bilan muvofiqlashtirish bo‘yicha katta ishlar olib borilmoqda.
EMMK doirasidagi asosiy talablar quyidagi GOSTlarda bayon etilgan:
GOST 29037–91 (2004) – elektromagnit mos keluvchanlik talablariga muvofiqlikka sertifikatsion sinovlardan o‘tkazish tartibi.
GOST 29205–91 (2004) – elektrotransportdan yuzaga keladigan industrial radioxalaqitlarni sinash normalari va usullari.
GOST 30372–95 – texnik vositalarning elektromagnit mos keluvchanligi doirasidagi atamalar va tushunchalarning ta’riflari. 
GOST 50012–92 (2004) – 5–10000 Gs chastotalar diapazonida texnik vositalarning past chastotali davriy magnit maydoni parametrlarini o‘lchash usullari.
GOST 50034–92 (2004) – dvigatellarning quyidagi turdagi xalaqitlar ta’siriga bardoshliligi darajalari uchun normalar: kuchlanishning og‘ishi, chastotaning og‘ishi, bir vaqtning o‘zida kuchlanish va chastotaning og‘ishi, ta’minlovchi uch fazali kuchlanish tarmog‘ining nosimmetriyaligi va nosinusoidalligi, shuningdek dvigatellarning sanab o‘tilgan xalaqitlarga bardoshliligini sinash usullari.
GOST 50648–94 (2004) – uzluksiz yoki qisqa muddatli MPPCh ta’siriga uchraydigan TV ishlash sifatini baholash uchun umumiy va qayta tiklanadigan bazani, shuningdek tavsiya etiladigan sinov qattiqlik darajalarini, sinov jihozlariga, sinov o‘tkazish uchun ish joylariga va sinov protseduralariga qo‘yiladigan talablarni belgilaydi.
GOST 50652–94 (2004) – standart foydalanish sharoitlarida so‘nuvchi tebranish magnit maydonining (STMM) ta’siriga uchraydigan o‘rta va yuqori kuchlanish elektr kichik stansiyalarida qo‘llanadigan texnik vositalarga (TV) taalluqli.
GOST 50745–99 (2004) – xalaqitemissiyani cheklash, tashqi elektromagnit xalaqitlar (keyinchalik matnda – xalaqitlar) ta’siriga bardoshlilikni ta’minlash, uzluksiz ta’minot tizimlari (UTT) chiqish joyiga o‘tuvchi tarmoq impuls xalaqitlarini kuchsizlantirish bo‘yicha uzluksiz ta’minot tizimlariga qo‘yiladigan talablar.
GOST 51097–97 (2004) – yuqori voltli uskunalarning (elektr uzatish havo liniyalari va 1000 V dan ortiq yuqori kuchlanish kichik stansiyalarining ochiq taqsimlash qurilmalari) simlari, yashindan himoyalovchi troslari va yo‘g‘on simlarining izolyatsiyasi va mahkamlanishi uchun mo‘ljallangan izolyator tizimlari va elektr liniya armaturasiga taalluqli.
GOST 52506–2005 – texnik vositalarning elektromagnit mos keluvchanligi. Liftlar, eskalatorlar va yo‘lovchi konveyerlari. 
Texnik vositalarga ta’sirdan tashqari nurlanishning inson organizmiga ta’siri muammosi mavjud. Ko‘plab mamlakatlarning tibbiyot xodimlari va ekologlarining ko‘p yillik kuzatuvlari bunday nurlanishlar xavfli kasalliklarni keltirib chiqarishi mumkinligini ko‘rsatdi. Shuning uchun iste’molchilarga zararli ta’sirni kamaytirish maqsadida texnik vositalardan yuzaga keladigan nurlanishlarning chegaraviy yo‘l qo‘yilgan darajalarining normalari ishlab chiqilgan. 
Hammasi bo‘lib, EMMK bo‘yicha talablarni ta’riflaydigan yuzdan ortiq normativ-texnik hujjatlar amal qiladi.