Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Germaniya elchisi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Germaniya Federativ Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Naytxart Xyofer-Vissing bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
“O‘zbekiston – Germaniya” parlamentlararo guruhi rahbari Rustam Komilov mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va madaniy sohalardagi hamkorlik izchil rivojlanib borayotganini ta’kidladi.
O‘zbekiston va GFR o‘rtasidagi parlamentlararo munosabatlar yildan-yilga mustahkamlanib bormoqda. Germaniya Federativ Respublikasi Bundestagi bilan “O‘zbekiston – Germaniya” parlamentlararo guruhi a’zolari malakatimizda o‘tkazilayotgan xalqaro tadbirlarda muntazam ishtirok etmoqda.
– O‘zbekiston Germaniyaning eng muhim strategik hamkorlaridan biri, – dedi Naytxart Xyofer-Vissing. – Mamlakatingiz Markaziy Osiyoda osoyishtalik va farovonlik mustahkamlanishiga salmoqli hissa qo‘shmoqda. O‘zbekistonda qonun ijodkorligi jarayonini yanada rivojlantirishga qaratilgan islohotlar alohida e’tiborga molik. Amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar xalqingiz farovonligini yanada oshirishga xizmat qiladi. Biz turli yo‘nalishlardagi hamkorligimizni rivojlantirish niyatidamiz.
Uchrashuvda mehmonlarga Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, qo‘mitalar, fraksiyalar va deputatlik guruhlarining faoliyati to‘g‘risida ma’lumot berildi.
Manba: O'zA