Joriy yilning 29-noyabr kuni Oliy Majlis Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari hamda Fan, taʼlim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitalarining qo‘shma majlisi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi mas’ullari ishtirokidagi mazkur yig‘ilishda “Yod yetishmasligi kasalliklari profilaktikasi to‘g‘risida”gi Qonunning yodlangan tuz va yodlangan oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish hamda qayta ishlashda xo‘jalik yurituvchi subyektlar tomonidan standartlarning majburiy talablariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirishga oid qismi ijrosini o‘rganish natijalari muhokama qilindi.
Bugungi kunda aholi o‘rtasida yod yetishmasligi kasalliklari profilaktikasi va endemik buqoq kasalligining oldini olish borasidagi ishlar Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining tavsiyalari asosida amalga oshirilmoqda.
Aholi orasida endemik buqoqdan kasallanish ko‘rsatkichlarini kamaytirish va osh tuzini yodlash bo‘yicha talablarni xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish zaruriyati ham yuzaga kelgan.
Baʼzi bir korxonalarda tuzni yodlash dozatorlari mavjud emas. Omborlarda mahsulotlarni saqlash qoidalariga amal qilinmagan, qayta ishlab chiqarish uchun keltirilgan birlamchi tuzlarning tegishli hujjatlari, xususan sertifikatlari mavjud emas. Tuz belgilangan talabga javob bermaydigan paketlarga qadoqlanmoqda. Mahsulot ishlab chiqarilgan sanalar ko‘rsatilmagan holda sotuvga chiqarilmoqda. Ayrim hollarda qadoqlarga yodlangan osh tuzi deb, aslida yodlanmagan texnik tuz solinayotgani aniqlangan.
Ayrim tadbirkorlar tegishli qonunchilik hujjatlarida belgilangan imtiyozlarni suiisteʼmol qilib, aholining sog‘lig‘i uchun zararli bo‘lgan mahsulotlarni sotishni davom ettirmoqda.
Majlis yakunlari bo‘yicha qo‘mitalarning aniq takliflar aks etgan qo‘shma qarori qabul qilindi.