Joriy yilning 23–25-oktabr kunlari Shotlandiyaning Edinburg shahrida boʻlib oʻtadigan IECning navbatdagi 88-Bosh Assambleya yigʻilishida 100 dan ortiq aʼzo davlatlar ishtirok etadi. Xalqaro tadbirda O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi direktori Akmal Jumanazarov rahbarligidagi agentlik va Oʻzeltexsanoat uyushmasi vakillari qatnashmoqda.

Bosh Assambleya yigʻilishida quyidagi masalalar muhokama qilinadi: energetika, elektrotexnika va elektronika sohasida standartlarni ishlab chiqish, ularni takomillashtirish va tartibga solish, savdodagi texnik toʻsiqlarni bartaraf etish, yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash, aʼzo mamlakatlar oʻrtasida oʻzaro manfaatli aloqalarni kengaytirish.

Bugungi kunda respublikamizda elektrotexnika va energetika sohalarida IECdagi mavjud 11 mingta standartdan 1074 ta standartlari qabul qilingan. Bosh Assambleya yigʻilishi doirasida respublikada IEC standartlarni keng joriy etish orqali eksport salohiyatini oshirish hamda aʼzo davlatlar bilan ikki tomonlama manfaatli aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan uchrashuvlar oʻtkaziladi va tegishli hujjatlar imzolanadi.

Maʼlumot uchun: IEC energetika, elektrotexnika va elektronika sohasida xalqaro standartlarni ishlab chiqish bilan shugʻullanadigan xalqaro tashkilot. Aʼzo davlatlar soni 89 tani tashkil etadi, shundan 62 ta toʻlaqonli aʼzo davlatlar (Full member), assotsiyalashgan aʼzo davlatlar soni 27 tani tashkil etadi ( Oʻzbekiston 2023-yildan mazkur xalqaro tashkilot aʼzosi hisoblanadi).