O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi direktori Akmal Jumanazarov Sirdaryo viloyatidagi bir qator ishlab chiqarish korxonalari faoliyati bilan tanishib, ularning sohaga oid muammolarini bartaraf etish yuzasidan korxonalar masʼullari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.

Xususan, Sirdaryo tumanidagi "SIRDARYO MEGA LUKS" masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar hozirgi kunda Buyuk Britaniya, Shveytsariya, Litva, Isroil kabi davlatlarga eksport qilinayotgan bo‘lib, mazkur korxonaga GSP+ preferensiyalar tizimi afzalliklari yuzasidan ma’lumotlar yetkazildi.

Shuningdek, "EURASIA GAZ BETON" masʼuliyati cheklangan jamiyatida ishlab chiqarilayotgan gazoblok mahsulotlarini xorijiy bozorlarga olib chiqish imkoniyatlarini yanada kengaytirish hamda korxona qoshidagi laboratoriya faoliyatini rivojlantirish borasida zarur tavsiyalar berildi.

Agentlik rahbari Sirdaryo viloyatiga yirik loyihalardan biri bo‘lgan "PENG SHENG" kompleksiga qarashli "AWP", "SIRDARYA CERAMIC PRODUCTION", "PENG SHENG INTERNATIONAL AGRICULTURAL SCIENCE AND TECHNOLOGY" hamda "WANYANG" qo‘shma korxonalari faoliyati bilan ham yaqindan tanishdi.

Bundan tashqari, Guliston shahridagi "JIASHILI-GULISTON KIMYO SANOATI" masʼuliyati cheklangan jamiyatida bo‘lib, milliy mahsulotlarimizning sifatini oshirishda xalqaro standartlar hamda texnik reglamentlarning ahamiyati xususida korxona vakillariga ma’lumotlar berildi.