Xalqaro Standartlashtirish Tashkiloti (ISO)ning navbatdagi Bosh Assambleya yigilishi doirasida O‘zbekiston texnik tartibga olish agentligi va Xalqaro standartlashtirish tashkiloti (ISO)ning muvofiqlikni baholash texnik qo‘mitasi (CASCO) o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda tomonlar O‘zbekistonning muvofiqlikni baholash sohasidagi xalqaro standartlar yo‘nalishida eng yaqin hamkorlaridan biri bo‘lgan CASCO texnik qo‘mitasi bilan ko‘p qirrali munosabatlarni rivojlantirishning ijobiy dinamikasini mamnuniyat bilan qayd etdilar.
Shu bilan birga, hamkorlikni yanada faollashtirishning aniq yo‘nalishlari, jumladan, O‘zbekistonni CASCO qo‘mitada P-member a’zoligiga o‘tkazish, infratuzilmaviy va kadrlar salohiyatini oshirish bo‘yicha ahamiyatga ega loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, muvofiqlikni baholash mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha loyihalarga konsalting va texnik ko‘makni jalb qilishga kelishildi.
Ma’lumot uchun: ISO/CASCO texnik qo‘mitasi tomonidan 40 ta xalqaro ISO standarti ishlab chiqilgan va nashr etilgan, a’zo mamlakatlar soni P-member 93 ta, O-member 51 tani tashkil etadi. Bugungi kunda O‘zbekiston ISO/CASCO texnik qo‘mitasi O-member sifatida faoliyat ko‘rsatadi.
Agentlik huzuridagi "O‘zbekiston akkreditatsiya markazi" davlat muassasasi esa muvofiqlikni baholash organlarining vakolatlarini quyidagi xalqaro standart talablariga muvofiq akkreditatsiya qiladi: sinov va kalibrlash laboratoriyalarini ISO/IEC 17025:2017, Tibbiy laboratoriyalarini ISO 15189:2012, mahsulotlar va xizmatlarni sertifikatlashtirish organlarini ISO/IEC 17065:2012, xodimlarni sertifikatlashtirish organlarini ISO/IEC 17024:2012, inspeksiya organlarini ISO/IEC 17020:2012, malakani tekshirish provayderlarini ISO/IEC 17043:2010, menejment tizimlarini sertifikatlashtirish organlarini ISO/IEC 17021-1:2015. Bugungi kunda milliy akkreditatsiya tizimi reestrida kalibrlash laboratoriyasi soni 23 ta, sinov laboratoriyasi soni 215 ta, menejment tizimlarini sertifikatlashtirish organlari soni 26 ta, mahsulotni sertifikatlashtirish organlari soni 71 ta, inspeksiya organlari soni 12 tani tashkil etadi.