O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi direktori Akmal Jumanazarov Germaniya iqtisodiyotining Sharqiy qo‘mitasi bosh direktori Mixael Xarms bilan videokonferensiya tarzida uchrashuv o‘tkazdi.

Ma’lumot uchun: Germaniya iqtisodiyoti Sharqiy qo‘mitasi - nemis korxonalari uyushmalarini birlashtiruvchi muassasa hisoblanadi. Qo‘mita 1952-yildan buyon Rossiya, Belarus, Ukraina, Markaziy Osiyo, Kavkaz va Janubi-sharqiy Yevropa bozorlarida nemis kompaniyalari manfaatlarini himoya qilib keladi. Ushbu tashkilot Germaniyaning iqtisodiyot va siyosat sektorlari o‘rtasida vositachi vazifasini bajaradi. Sharqiy qo‘mita Markaziy Osiyo va Sharqiy Yevropa davlatlari bilan mustahkam aloqa o‘rnatgan bo‘lib, davlat organlari va tashkilotlari o‘rtasidagi rasmiy muloqotni muvofiqlashtirib boradi hamda ushbu mintaqalar uchun eng dolzarb ma’lumotlar to‘plamini ishlab chiqadi.

Uchrashuv chog‘ida texnik tartibga solish sohasida hamkorlik bo‘yicha kun tartibidagi dolzarb masalalar hamda uni yanada kengaytirish yo‘llari muhokama qilindi.

Germaniya O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqidagi muhim va ishonchli hamkori hisoblanadi.

O‘zbekiston-Germaniya o‘rtasida soha yo‘nalishida o‘zaro manfaatli hamkorligini yanada kengaytirish, tomonlarning ulkan salohiyatidan to‘liq foydalanish, yangi istiqbolli loyihalarni kengaytirish va yanada chuqurlashtirish bo‘yicha fikr almashildi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti boshchiligida tizimli islohotlar olib borilayotgani, shu jumladan, O‘zbekiston - Germaniya ishbilarmonlar kengashi doirasida  biznes muhitni yanada yaxshilashga qaratilgan ishlar o‘zining yuksak samaralarini berayotgani ta’kidlandi.

Eksport bozorlarini kengaytirish maqsadida savdodagi texnik to‘siqlar, eksport-import mahsulotlarga qo‘yilgan talablarga e’tibor qaratildi. Uchrashuv yakunida hamkorlik yuzasidan anglashuv memorandumi imzolashga kelishib olindi.