Joriy yilning 20-21 iyun kunlari Belarus Respublikasining Minsk shahrida Standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish bo‘yicha Davlatlararo kengashi (MGS)ning navbatdagi 65-yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda.
Ma’lumot uchun: Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligining standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish bo‘yicha davlatlararo Kengashi 1992 yil 13 martda MDH davlatlari Hukumat rahbarlari tomonidan imzolangan “Standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish sohasida kelishilgan siyosatni amalga oshirish to‘g‘risida”gi Bitim asosida tashkil etilgan.
Kengash tarkibiga Armaniston, Belarus, Gruziya, Moldova, Ozarbayjon, Rossiya, Tojikiston, Turkmaniston, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston davlatlarining standartlashtirish, metrologiya, sertifikatlashtirish va akkreditatsiya bo‘yicha milliy organlari kiradi.
Mazkur Kengashda O‘zbekiston Respublikasi nomidan Texnik jihatdan tartibga solish agentligi faoliyat ko‘rsatadi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston texnik tartibga solish agentligi direktori Akmal Jumanazarov rahbarligidagi delegatsiya ishtirok etmoqda.
Yig‘ilishda MDH ishtirokchi-davlatlarida texnik jihatdan tartibga solish, davlatlararo standartlashtirish, metrologiya, muvofiqlikni baholash, akkreditatlash, me’yor va qoidalarga rioya etilishi ustidan nazorat, sifat sohasidagi yutuqlari uchun Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mukofoti tanlovi, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a’zo davlatlarning o‘zaro savdo-sotiqdagi texnik to‘siqlar to‘g‘risidagi Bitim loyihasi, milliy texnik komissiyalar tomonidan amalga oshirilgan ishlar muhokama qilinadi, qarorlar qabul qilinib, tegishli Bayonnoma rasmiylashtiriladi.
Tadbir doirasida standartlashtirish va texnik jihatdan tartibga solish masalalari bo‘yicha MGSga a’zo davlatlarning standartlashtirish tashkilotlari bilan uchrashuv o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Tadbirda ishtirok etish orqali ishtirokchilarni texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, sertifikatlash va metrologiya sohalarida tarkibiy islohotlarni yanada chuqurlashtirish va sohani xalqaro andozalarga moslashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishtiriladi, MDH davlatlari bilan ko‘p qirrali va o‘zaro manfaatli aloqalar yanada kengaytiriladi.