Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi tizim tashkilotlarining Qoraqalpogʻiston xududiy boʻlimi va filiallari tomonidan mahalliy eksportyor korxonalar faoliyati bilan tanishish, ularga sohamizga oid masalalarda amaliy yordamlar berish boʻyicha tizimli ishlar olib borilmoqda.
Nukus shahrida faoliyat yurituvchi “ORIENT TECHNOLOGY” korxonasi ish faoliyati bilan tanishildi. Korxona tomonidan “Wet-blue” nomli charm yarim tayyor mahsuloti ishlab chiqariladi va eksportga yoʻnaltiriladi. Korxona tomonidan charm mahsulotlari Italiya, Rossiya va Xitoy davlatlariga eksport qilib kelinmoqda.
“UzTest” DM Qoraqalpogʻiston filiali tomonidan korxonaga ISO 14001 ekologik menejment tizimi joriy etish boʻyicha maslahat xizmati koʻrsatildi.
Shuningdek, masʼullar Xoʻjayli tumanida faoliyat yurituvchi “ELITE STARS TEXTILE” korxonasi faoliyati bilan ham tanishdilar. Korxonada Germaniya va Turkiya davlatlarida ishlab chiqarilgan zamonaviy uskunalar oʻrnatilgan. Bugungi kunda korxonada Turkiya texnologiyasi asosida gilam mahsuloti va kalava ip mahsuloti Rossiya va Turkiya davlatlariga eksport qilib kelinmoqda.
“UzTest” DM Qoraqalpogʻiston filiali tomonidan korxonaga ISO 9001 sifat menejment tizimi joriy etishda amaliy yordam koʻrsatildi.
Tadbir davomida korxona masʼullariga “GSP+” imtiyozlar tizimi doirasida mahsulotlarni eksportga yoʻnaltirish afzalliklari hamda importyor davlatlarda mahsulotlarga qoʻyilgan talablar yuzasidan tegishli maʼlumotlar taqdim etildi va boshqa davlatlarga eksportga yoʻnaltirish masalalari ham muhokama qilindi.