Akkreditatsiya markazi muvofiqlikni baholash organlari va metrologiya xizmatlarining kompetentligini baholash ishlari olib bormoqda. Manfaatdor tomonlar uchun Markaz faoliyati, akkreditatsiya jarayoni va muvofiqlikni baholash organlari toʻgʻrisidagi zarur axborotni www.akkred.uz rasmiy veb sayti orqali erkin olish imkoniyati yaratildi.
Shuningdek, Markaz faoliyati isteʼmolchilarga yetkazib beriladigan mahsulotlar xavfsizligi va sifatini oshirish hamda mahalliy mahsulotlar eksportini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratmoqda. Akkreditatsiya faoliyati ichki va tashqi bozor munosabatlarining rivojlanishiga, Oʻzbekistonning eksport salohiyatini oshirishga, isteʼmol qilayotgan mahsulotlarimizning xavfsiz va yuqori sifatli ekanligiga ishonch qozonishda va xalqaro bozorda oʻzbek brendi oʻz oʻrnini egallashida muhim ahamiyatga egadir.
Milliy akkreditatsiya tizimini xalqaro talablariga uygʻunlashtirish maqsadida Akkreditatsiya markazi IAF tashkilotining Koʻptomonlama tan olish bitimlarga qoʻshilgan xorijiy davlatlarning akkreditatsiya organlari bilan hamkorlikni rivojlantirish ishlari olib bormoqda. Aynan xalqaro bozor va savdo munosabatlarni tartibga keltiruvchi Jahon savdo tashkilotining Savdodagi texnikaviy toʻsiqlar toʻgʻrisidagi Bitimi (TBT Bitimi) tamoyillarida xam xalqaro miqyosda savdodagi texnik toʻsiqlarni bartaraf qilishning eng samarali mexanizmi sifatida IAF kabi xalqaro akkreditatsiya tashkilotlari doirasidagi koʻp tomonlama tan olish bitimlari eʼtirof etilgan.
Xalqaro akkreditatsiya forumi doirasida ayni kunda dunyoning 74 ta akkreditatsiya idorasi teng huquqli aʼzo boʻlib, IAF koʻptomonlama tan olish bitimi ishtirokchisi hisoblanadi (MLA). Bitim imzolovchilari 10 mingga yaqin akkreditatsiyadan oʻtgan sertifikatlashtirish organlarining global tarmogʻini tashkil qilgan. Aynan shu global tarmoqqa va akkreditatsiya sohasidagi nufuzli xalqaro tashkilotga Oʻzbekiston milliy akkreditatsiya tizimi nomidan Akkreditatsiya markazi 2021-yilda aʼzo boʻlishni maqsad qilib qoʻygan.