Mahsulotning miqdori to‘g‘risidagi ma’lumot mahsulotni o‘ramlarga qadoqlash jarayonida qadoqlovchi tomonidan belgilanadi. Bu jarayonda qadoqlovchi tomonidan mahsulot miqdori qadoqda ko‘rsatilgan o‘rtacha qiymatdan, masalan 3 foiz, ataylab yoki tasodifan kam solingan taqdirda ishlab chiqaruvchining noqonuniy foydasi yoki iste’molchi ko‘radigan zarari, ishlab chiqarishdan hosil bo‘ladigan yillik daromaddan bir necha barobar yuqori miqdorni tashkil etishi mumkin.
Shunday holat sodir bo‘lganda, ya’ni sotilayotgan mahsulot o‘ramida ko‘rsatilgan miqdordan kam bo‘lganda iste’molchi buni sezmasligi yoki qadoqlangan mahsulot o‘ramini buzish natijasida uning kamligini aniqlagan taqdirda ham nomuvofiqlik yuzasidan davlat organlariga shikoyat qila olmasligi mumkin.

Jahon amaliyotida mazkur muammoni yechish bo‘yicha bir qator chora-tadbirlar ishlab chiqilgan. Jumladan, Qonunlashtiruvchi metrologiya xalqaro tashkilotida o‘tgan asrning 70 – yillaridan buyon TK-6 “Qadoqlangan tovarlar” texnik qo‘mitasi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Ushbu qo‘mitada buguni kunda 40 ga yaqin a’zo davlatlar va 20 ga yaqin davlat assotsiyalashgan a’zosi birlashgan.
Yevropa davlatlarida qadoqlangan mahsulotlarda miqdor kamligi aniqlansa, qonun buzilishidan olingan foyda hisob-kitob qilinadi hamda ushbu miqdordan oshgan holda jarima solish choralari qonuniy mustahkamlab qo‘yilgan. Qonunbuzar korxonaning o‘zi esa hamma uchun ochiq bo‘lgan “qora ro‘yxatga” kiritiladi.

Joriy yilning 7 aprel kuni qabul qilingan yangi tahrirdagi “Metrologiya to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga “O‘ramlarga qadoqlangan tovarlar miqdori ustidan davlat metrologiya nazorati” to‘g‘risida yangi modda kiritildi. Mazkur modda bilan o‘ramlarga qadoqlangan tovarlarning ularni maydalab qadoqlash va sotish chog‘idagi miqdori ustidan davlat metrologiya nazoratini o‘tkazish tartibi, tatbiq etilish sohalari, amalga oshirish usuli aniq qilib belgilab qo‘yildi.

 

Ushbu qonun normalarini amalga kiritish maqsadida “O‘zstandart” agentligi tomonidan “O‘ramlarga qadoqlangan tovarlar. O‘ramlarga qadoqlangan tovarlar miqdori ustidan metrologiya nazoratini o‘tkazish bo‘yicha umumiy talablar” O‘zbekiston Respublikasi davlat standarti (Oz’DSt 8.086.2020) tasdiqlandi.
Mazkur standart qadoqlash usulidan qat’iy nazar har qanday turdagi o‘ramlarga qadoqlangan tovarlar uchun amal qiladi va ularni maydalab qadoqlash va sotish chog‘idagi miqdorni nazorat qilish tartibi va usullariga umumiy talablarni belgilaydi.
Shuningdek, standartda o‘ramlarga qadoqlangan tovarlar miqdorini nazorat qilish tartibi ham belgilab qo‘yilgan.