Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 7-may kuni Andijon, Navoiy hamda Surxondaryo viloyatlari tuman va shaharlarining iqtisodiy salohiyatini oshirish chora-tadbirlari boʻyicha videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi.

Mamlakatimizning har bir hududi oʻziga xos. Bir viloyat ichidagi tumanlarning imkoniyatlari ham bir-biriga oʻxshamaydi. Shu bois Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlar iqtisodiyotini rivojlantirish masalalari alohida, manzilli tarzda muhokama qilib borilmoqda.

Davlatimiz rahbari joylarga chiqib, aholi bilan gaplashib, belgilanayotgan chora-tadbirlarning dolzarb va amaliy boʻlishiga katta eʼtibor qaratmoqda.

– Shuncha saʼy-harakatlarimiz, qabul qilayotgan qarorlarimiz qishloqdagi oddiy odamlar hayotiga nima oʻzgarish olib kirayapti, daromadi koʻpaydimi, ishga joylashdimi, bolasi oʻqishga kirdimi, uyli-joyli boʻldimi, toʻyib ovqatlanayaptimi, toza suv ichyaptimi, degan savollar meni juda qiynaydi. Bu barcha darajadagi rahbarlar xalqimiz oldida javob berishi kerak boʻlgan eng asosiy savollardir, – dedi Prezident.

Markazdagi rahbarlar qarorlar qabul qilishda hokimlarning umumiy hisobotlari bilan kifoyalanib qolayotgani tanqid qilinib, bundan buyon hududlarga oid har bir masalani aniq tuman, qishloq, mahalla, soha va korxona kesimida, muammoning eng quyidagi ildizigacha tushib, uni hal qilish zarurligi taʼkidlandi. Dasturlar ishlab chiqishni har bir qishloqdan boshlash, qaysi qishloqda qaysi yoʻnalishni rivojlantirish, bunga qancha mablagʻ ajratish kerakligini aniq koʻrsatish talabi qoʻyildi.

Masalan, Surxondaryoda 55 mingta, Andijonda 41 mingta, Navoiy viloyatida 14 mingta oilani kambagʻallikdan chiqarish lozim. Kichik korxonalarni koʻpaytirish, hunarmandchilikni qoʻllab-quvvatlash, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirish orqali aholi farovonligini oshirish zarur.

Yigʻilishda buning uchun uchta yoʻnalishdagi ishlarga qoʻshimcha turtki berish zarurligi koʻrsatib oʻtildi.

Birinchi yoʻnalish – sanoatni rivojlantirish, mavjud xomashyoni chuqur qayta ishlash, har bir tuman, qishloq va mahallani ixtisoslashtirish.

Andijon, Navoiy va Surxondaryo viloyatlarida ishlab chiqarishning asosiy qismi bitta tarmoqqa yoki respublika tasarrufidagi korxonalar hissasiga toʻgʻri keladi.

Jumladan, Andijonda sanoat ishlab chiqarishning 69 foizini mashinasozlik, Navoiyda esa 72,5 foizini kon-metallurgiya tashkil etadi. Surxondaryo sanoatining mamlakatdagi ulushi atigi 1,5 foiz, yalpi hududiy mahsulotdagi ulushi esa atigi 8 foiz boʻlib, respublikada eng past koʻrsatkichlardan biridir.

Yigʻilishda ushbu hududlarda sanoat tarmoqlarini diversifikatsiya qilish uchun barcha imkoniyatlar borligi taʼkidlanib, bu boradagi chora-tadbirlar belgilandi.

Xususan, Andijon viloyati Xoʻjaobod tumanida tashabbuskorlarga 32 ta tikuv-trikotaj korxonasi uchun joy ajratish boʻyicha koʻrsatma berildi. Bu korxonalarda 6,5 mingta ish oʻrni yaratiladi.

Buloqboshi tumani togʻ hududidagi konlarni oʻzlashtirib, qurilish materiallari ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish, Oltinkoʻl tumani “Ijtimoyat” mahallasida mebel tayyorlashni sanoat darajasiga olib chiqish mumkinligi qayd etildi.

Asaka tumanidagi avtomobil zavodi yaqinida, unumdorligi past yerlarda kichik sanoat zonasi tashkil etib, butlovchi qismlar ishlab chiqarish hajmini oshirish boʻyicha topshiriq berildi.

Navoiy viloyati Nurota tumanidagi “Suvliq Granit” konining elektr tarmogʻini rekonstruksiya qilish orqali “Istiqlol” mahallasidagi 450 nafar aholini ish bilan taʼminlash mumkin. Tomdi tumanida fosforit, shisha, sement, pardozbop qurilish toshlari va ohaktosh zaxiralari mavjud. Uchquduq tumanida qayta geologik oʻrganishlar oʻtkazilsa, yana koʻp imkoniyatlar ochiladi.

Surxondaryo viloyati Sherobod tumanida gilamdoʻz hunarmandlar bor. Bandixon tumanida esa gilam uchun zarur xomashyo – qoʻy va echki juni koʻp. Mazkur qoʻshni tumanlar oʻrtasida kooperatsiyani yoʻlga qoʻyish orqali yiliga 85 tonna jun va terini qayta ishlash mumkin.

Oltinsoy tumanida elektr taʼminoti yaxshi emasligi sababli yiliga yetishtirilayotgan 80 ming tonna uzum va 13 ming tonna gʻallani qayta ishlash imkoni cheklanmoqda. Shuningdek, u yerda qurilishda talab boʻlgan 10 million tonna pardozbop tosh zaxirasi mavjud.

Davlatimiz rahbari shu kabi koʻplab imkoniyatlarni koʻrsatib oʻtib, mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi. Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligiga viloyat hokimlari bilan birga Andijon, Navoiy va Surxondaryoda 33 gektar yer va 5,3 ming kvadrat metrli boʻsh binolarda 10 ta yangi kichik sanoat zonasi tashkil etish vazifasi qoʻyildi.

Ikkinchi yoʻnalish – joylarda investitsion va turistik salohiyatni oshirish, servis xizmatlarini yaxshilash uchun infratuzilma obyektlarini rivojlantirish.

Yigʻilishda Andijon, Navoiy va Surxondaryo viloyatlarida bu boradagi holat tumanlar kesimida tahlil qilindi.

Misol uchun, Xonobod shahrining xizmat koʻrsatish boʻyicha Andijon viloyatidagi ulushi bor-yoʻgʻi 1 foizni tashkil etadi. Aslida u yerdagi yerosti maʼdanli suvlarini oʻzlashtirish orqali sogʻlomlashtirish turizmini yoʻlga qoʻyish, shifobaxsh suv ishlab chiqarish imkoniyati bor.

Navoiy viloyati Qiziltepa tumanidagi Toʻdakoʻl suv ombori hamda Navbahor tumanidagi “Sarmishsoy” hududiga olib boruvchi yoʻllarni taʼmirlash va turistik zonalar tashkil etish orqali ularga sayyohlar oqimini bir necha barobar koʻpaytirish mumkin.

Surxondaryo viloyati Oltinsoy tumanida birorta bozor yoʻq. Bundan tashqari, tuman hududidan oʻtgan “Manguzar-Termiz-Denov” avtomobil yoʻlida zamonaviy savdo va xizmat koʻrsatish markazlarini tashkil etsa boʻladi.

Yigʻilishda xizmat koʻrsatishning shu kabi barcha zaxiralarini hisob-kitob qilib, ularni ishga tushirishga tadbirkorlarni jalb etish boʻyicha topshiriqlar berildi.

Uchinchi yoʻnalish – qishloq xoʻjaligida mahsulot ishlab chiqarishni koʻpaytirish va shu orqali iqtisodiy oʻsishni taʼminlash.

Andijon tumani “Mirobod” mahallasi aholisi qalampir ekib, yiliga 2 ming tonnagacha hosil olmoqa. Bundan tashqari, boshqa hududlardan yiliga 3-4 ming tonna sotib olib, qayta ishlaydi. Izboskan tumani “Yuqori Chuvama” mahallasidagi mingta xonadonda togʻ yongʻogʻi va yeryongʻoq yetishtiriladi.

Ushbu omilkor odamlarga qoʻshimcha yer ajratish orqali mahsulotlarni qayta ishlash va ish oʻrinlarini koʻpaytirish mumkinligi koʻrsatib oʻtildi.

Navoiy viloyatida 8 million gektardan ortiq yaylov yerlari boʻlib, chorvachilikni, ayniqsa, qoʻy va echkichilikni rivojlantirish uchun katta imkoniyat mavjud. Buning uchun quduqlar qazib, yangi chorva xoʻjaliklari tashkil etish zarur. Natijada 500 dan ortiq kishi mehnat bilan band boʻladi. Qayd etilganidek, bu chorvachilik loyihalari namuna sifatida amalga oshirilib, Navoiy tajribasi yaratiladi.

Surxondaryo viloyatining tabiiy iqlim sharoiti boshqa hududlardan farq qilib, vohada ikki-uch marta hosil olish, issiqsevar oʻsimliklar yetishtirish imkoniyati mavjud.

Misol uchun, Sherobod tumani anorlariga talab yuqori. Lekin, anorzorlar atigi 32 gektarni – tumandagi ekin maydonlarining 0,1 foizini tashkil qiladi. Hosildorligi past paxta va gʻalla maydonlari oʻrnida anor plantatsiyalari barpo etilsa, 10 barobar koʻp daromad olish, 30-40 million dollarlik mahsulot eksport qilish mumkin.

Muzrabot tumanida 2 ming, Qumqoʻrgʻon tumanida 1,2 ming gektar foydalanishdan chiqqan yerlarni oʻzlashtirib, band boʻlmagan aholiga boʻlib berish va ertaki mahsulotlar yetishtirishni koʻpaytirish kerakligi taʼkidlandi. Buning natijasida qariyb 4 mingta yangi ish oʻrni yaratiladi.

Yigʻilishda asosiy va bogʻ-tok qator oralariga ekin ekish, qishloq xoʻjaligi mahmulotlarini koʻpaytirib, narx-navo barqarorligini taʼminlash masalalariga yana bir bor toʻxtalib oʻtildi.

– Har bir rahbar oʻz ish uslubini oʻzgartirib, oddiy odamlarning imkoniyati va koʻnikmalarini inobatga olib, amaliy loyihalar qilinsagina tezroq natija boʻladi. Qishloqda, mahallada oʻzgarish boʻlsa, iqtisodiyot ham rivojlanadi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Videoselektor yigʻilishida Andijon, Navoiy va Surxondaryo viloyatlari hokimlari, tarmoqlar rahbarlari hisobot berdi.

OʻzA