Bugungi kunda iqtisodiyotning turli sohalarida, shu jumladan energetika, tibbiyot, qishloq xo‘jaligi hamda mahsulotlarning xavfsizlik ko‘rsatkichlarini tekshirishda radiatsiya va yadroviy texnologiyalardan unumli foydalanish keng joriy etilmoqda.
Shu sabab, yuqori aniqlikdagi radiatsion himoya uskunalarining o‘lchash natijalari ishonchliligi ko‘rsatilgan sohalarda faoliyat yurutuvchi mutaxassislarga xavfsizlik va sifat garovi bo‘lib xizmat qiladi.
Bunday uskunalar ionlovchi nurlanish manbalari va etalon dozimetrlar yordamida davriy metrologik tekshiruvdan o‘tkazilishi va o‘lchash natijalarining metrologik kuzatiluvchanligi xalqaro darajadagi birlamchi dozimetriya etalonlarigacha ta’minlanishi lozim.
Bu borada yuzaga kelayottgan muammolarni oldini olish maqsadida XAEA va Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) tomonidan “Ikkilamchi etalonlar dozimetriya laboratoriyasi” (SSDL) tarmog‘iga asos solindi. XAEA va JSST mintaqaviy darajada rivojlanayotgan mamlakatlarga SSDL yaratishda yordam ko‘rsatish bo‘yicha tashabbusni o‘z zimmasiga oldi.
Shu qatorda, mamlakatimizda ham so‘nggi yillarda yadroviy faoliyat juda tez rivojlanishi, shu jumladan mamlakatda birinchi atom elektr stansiyasini qurish bo‘yicha innovatsion loyiha amalga oshirilayotgani bunga turtki bo‘ldi.
Ko‘rsatilgan istiqbolli rejalarni sifatli amalga oshirish hamda xavfsiz foydalanish strategik muhim vazifa ekanligi uchun “O‘zstandart” agentligi O‘zbekiston milliy metrologiya institutidagi mavjud ionlovchi nurlanishlarni o‘lchash laboratoriyasi negizida ionlovchi nurlanishli o‘lchash vositalarini kalibrlash uchun dozimetriya laboratoriyasini tashkil etish masalasini ko‘rib chiqish zaruriyati yuzaga keldi.
Shu sababdan, “O‘zstandart” agentligi va XAEA texnik hamkorligi doirasida 2019-2020 yillar uchun UZB6015 “O‘zbekiston Respublikasida ikkilamchi etalonlar dozimetriya laboratoriyasini yaratish” (Establishing the Secondary Standards Dosimetry Laboratory) loyihasi tasdiqlangan.
Mazkur loyiha doirasida 2019 yil O‘zbekiston milliy metrologiya instituti xodimlari Belorussiya milliy metrologiya institutida (Belarussian State Institute
of Metrology (BelGIM)) malaka oshirish va ilmiy amaliy tashriflarni amalga oshirishdi. Shuningdek, mutaxassislarimiz Qozog‘iston Respublikasining “Ekspertiza va sertifikatlashtirish milliy markazi” AJ Olmata filialida XAEA tomonidan tashkil etilgan o‘quv seminarda ishtirok etishdi.
O‘zbekiston milliy metrologiya institutida “Ikkilamchi etalon dozimetriya laboratoriyasi”ni tashkil etish maqsadida mavjud Ionlovchi nurlanishlarni o‘lchash laboratoriyasi radiatsion xavfsizlik talablariga muvofiq ta’mirlandi.
Hozirgi kunda gamma va rentgen qurilmalarini xarid qilish bo‘yicha XAEA bilan hamkorlikda ishlar amalga oshirilmoqda.
Gamma nurlanishli |
Rentgen nurlanishli |
Loyihani to‘liq amalga oshirish natijasida mamlakatimizda ionlovchi nurlanishli o‘lchash vositalarining aniqliligi, ishonchliligi hamda metrologik kuzatuluvchanligi ta’minlanadi