“GM Uzbekistan” aksiyadorlik jamiyati Xorazm viloyati filiali mamlakatimiz avtomobilsozlik sanoati tarkibida iqtisodiyotimiz rivojiga salmoqli hissa qo‘shayotgan korxonalardan.
Filial yiliga 40 ming avtomobil ishlab chiqarish quvvatiga ega. Joriy yil birinchi yarmida zavodda “Damas”, “Labo”, “Orlando” rusumli 13 ming 453 avtomobil ishlab chiqarildi. O‘tgan yili bu ko‘rsatgich 4 ming 729 donani tashkil etgan edi.
Ayni paytda filialda 1500 kishi ish bilan ta’minlangan. Xodimlarning malakasini oshirish doimiy e’tiborda. Mutaxassislar Andijon, Toshkent va xorijdagi avtomobil zavodlarida bo‘lib, avtomobilsozlik sirlarini yanada puxta o‘zlashtirmoqda.