Xaridor talabi – bosh mezon

Andijon viloyatida joriy yilning o‘tgan davrida 4 million 500 ming dollar miqdorida xorijiy investitsiyalar jalb etilgan. Ayni paytda viloyatda 161 qo‘shma korxona faoliyat yuritmoqda. 

Andijon shahrida faoliyat ko‘rsatayotgan mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi “Lemon international” xorijiy korxonasida yiliga 500 ming jinsi shim ishlab chiqarilmoqda. 

Prezidentimiz rahnamoligida sanoat korxonalari faoliyatini takomillashtirish, modernizatsiya qilish, xorijiy investorlarni jalb etish, mahalliy ishlab chiqarishni rivojlantirish va ularni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. 

Xitoylik tadbirkorlar tomonidan 2015-yilda tashkil etilgan “Lemon international” xorijiy korxonasiga Andijon shahridagi ilgarigi ip-gazlama fabrikasining foydalanilmay turgan binosi 6 milliard 150 ming so‘m miqdorida investitsiya kiritish va 120 yangi ish o‘rni yaratish sharti bilan nol qiymatda berilgan. 

– Zarur investitsiya kiritilib, qisqa muddatda bino to‘la rekonstruksiya qilindi, xorijdan zamonaviy tikuv va bichuv dastgohlari, yuqori texnologik jihozlar keltirib o‘rnatildi, – deydi korxona bosh direktori Vang Chao. – Bugungi kunda bu yerda 20 dan ortiq turdagi sifatli shimlar tayyorlanmoqda. 

Korxonada faoliyatning dastlabki davridanoq xaridorlarning talab va istaklari o‘rganilib, tayyorlanayotgan mahsulotlar sifati va dizayniga alohida e’tibor qaratildi. Natijada mahsulotlar yurtimiz bozorida mustahkam o‘rin egalladi. Joriy yilning birinchi choragida 100 mingdan ziyod jinsi shim bozorga chiqarildi. 

Ayni payt bichuv, tikuv, maxsus ishlov berish, rang sochish, yuvish va qadoqlash sexlarida 120 ishchi mehnat qilmoqda. Ularning aksariyati kasb-hunar kollejlarini bitirgan yosh mutaxassislardir. 

– Bu yerda samarali mehnat qilishimiz uchun barcha sharoit yaratilgan, – deydi tikuv sexi bo‘limi boshlig‘i Odinaxon Hasanova. – Ishimizga qarab maosh olamiz. Mana shunday keng, yorug‘ sexlarda, zamonaviy tikuv mashinalarida ishlayotganimdan, yurtimiz ravnaqiga hissa qo‘shayotganimdan faxrlanaman. 

Korxona mahsulotlarining asosiy qismi ichki bozorda sotilmoqda, ma’lum qismi xorijga eksport qilinmoqda. Mamlakatimizda yaratilayotgan keng sharoit va imkoniyatlardan foydalanib, eksport salohiyatini muttasil oshirib borish rejalashtirilgan. 

 

O‘zA