Turizm va kichik biznes

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Samarqand viloyati kengashi tomonidan “Turizmni rivojlantirish istiqbollari: kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning o‘rni” mavzusida amaliy seminar o‘tkazildi. 

Viloyatdagi turizm sohasi vakillari, sayyohlik firmalari, mehmonxonalar rahbarlari, tadbirkor va hunarmandlar ishtirok etgan tadbirda mamlakatimizda turizmni rivojlantirish, bu borada mavjud imkoniyat va resurslardan samarali foydalanishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi. 

Prezidentimizning 2016-yil 2-dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining turizm sohasini jadal rivojlantirishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bu yo‘nalishdagi ishlarni yangi bosqichda davom ettirish va ko‘lamini yanada kengaytirishga xizmat qilmoqda. Turizm va turistik infratuzilmani rivojlantirishni yanada qo‘llab-quvvvatlash, milliy turistik xizmatlarni xalqaro sayyohlik bozoriga faol kiritishga, turizm sohasi bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan jismoniy va yuridik shaxslarga qulay imkoniyatlar yaratib berdi. 

– Prezidentimizning mazkur farmoni bilan sayyohlik firmalari va mehmonxonalarga, soha subyektlariga qator imtiyoz va yengilliklar berildi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Samarqand viloyati hududiy boshqarmasi boshlig‘i Ilhom Suvonov. – Eng muhimi, yurtimizga keladigan sayyohlar uchun viza tizimi bilan bog‘liq ko‘plab qulayliklar yaratildi. 2017-yilning 1-aprelidan Toshkent, Samarqand, Buxoro va Urganch shaharlarining xalqaro aeroportlarida xorijiy turistlar uchun “yashil yo‘lak” bojxona nazorat tizimi, pasport va bojxona nazoratidan o‘tish, bagajni olishning soddalashtirilgan tartib-taomili joriy etiladigan bo‘ldi. 

Tadbirda O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi ham iqtisodiyotimizning ushbu muhim tarmog‘ini yanada rivojlantirish va bu orqali yangi ish o‘rinlari yaratishni aholi farovonligini oshirishning muhim manbai sifatida qarashi alohida qayd etildi. Shu maqsadda turizm sohasida faoliyat olib borayotgan elektorat vakillari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, ularga imtiyoz va preferensiyalar berish, sohaga investitsiyalar oqimini keng jalb etish bo‘yicha aniq-chora tadbirlar amalga oshirilmoqda. 

Seminar ishtirokchilari ekologik, sog‘lomlashtirish, agro, bolalar va ichki turizmni rivojlantirish, sohada foydalanilmagan imkoniyatlarni ishga solish, gidlar malakasini oshirish bilan bog‘liq masalalar yuzasidan fikr almashdi.