Joriy yilning 22-29-noyabr kunlari Osiyo–Tinch okeani metrologiya dasturi (APMP)ning 40-bosh assambleyasi va uning doirasida tashkil etilgan tadbirlarga Hindiston Respublikasi Nyu-Dehli shahridagi Hindiston milliy fizika laboratoriyasi (NPLI) mezbonlik qildi.
Ushbu tadbirlarda 40 dan ortiq a’zo davlatlardan 600 ga yaqin soha mutaxassislari qatnashdilar. E’tiborli jihati shundaki, mazkur xalqaro uchrashuvda O‘zbekiston milliy metrologiya institutining 10 nafar xodimi ilk marotaba texnik qo‘mitalar va ishchi guruh yig‘ilishlari hamda “Kvant texnologiyalari uchun metrologiya” nomli simpoziumda, qolaversa milliy va tayinlangan metrologiya institutlari rahbarlari uchun tashkil etilgan work shopda laboratoriyaning o‘lchash va kalibrlash imkoniyatlari hamda so‘ngi bir yillik faoliyati bilan bog‘liq taqdimotlari bilan faol ishtirok etib, “Yangi O‘zbekiston” da texnik tartibga solish va metrologiya sohalaridagi ijobiy o‘zgarishlari yuzasidan ma’lumot berdilar.
Shu bilan birga O‘zbekiston milliy metrologiya instituti direktori L.Saidoripov APMPning 40-bosh assambleyasida “Yashil vodorod texnologiyalari” nomli yig‘ilishida ham ishtirok etdi.
Ma’lumot uchun: O‘zbekiston milliy metrologiya instituti APMP doirasida 2019-yildan beri ishtirok etadi. APMP doirasida 3 ta loyihada ishtirok etmoqda.
Uchrashuvlarda O‘zbekiston milliy metrologiya instituti vakillari Hindiston, Yaponiya, Tailand, Tayvan, Avstraliya milliy metrologiya institutlari mutaxassislari bilan muzokaralar olib borishdi, xususan 4 nafar mutaxassisni malaka oshirishi, 5 ta solishtirishlarda (asosiy, qo‘shimcha va gibrit)ishtirok etish, metrologik kuzatiluvchanlikni ta’minlash bo‘yicha APMPga a’zo davlatlar bilan ikki tomonlama hamkorlik loyihalarini amalga oshirishga kelishib olindi.
Eslatib o‘tamiz, APMPning tadbirlarida vakillarimizning ilk ishtiroki Germaniya Federal Fizika-texnika instituti (PTB)ning “Milliy sifat infratuzilmasini qo‘llab-quvvatlash loyihasi” doirasida amalga oshirildi.