O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi direktori Akmal Jumanazarov Afg‘on milliy standartlar tashkiloti (ANSA) bosh direktori Tamim Fayzulloh bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston va Afg‘oniston texnik tartibga solish sohasida hamkorlik munosabatlarning hozirgi holati va istiqbollari, standartlashtirish, metrologiya va muvofiqlikni baholash sohasida hamkorlik ko‘lamini kengaytirish, savdo to‘siqlarini kamaytirishda xalqaro standartlarni joriy etish masalalari muhokama qilindi.

Eksport bozorlarini kengaytirish maqsadida savdodagi texnik to‘siqlar, eksport-import mahsulotlariga qo‘yilgan talablarga  e’tibor qaratildi.

Joriy yilning avgust oyida barpo etilgan Termiz xalqaro savdo markazi qulay ishbilarmonlik muhiti va logistikani yaratish, ma’muriy tartib-taomillarni soddalashtirish va tadbirkorlar uchun zarur sharoit yaratishiga, shuningdek, mintaqada savdo aloqalarini kengaytirish, sinovlarni o‘tkazish va sertifikatlarni rasmiylashtirishda muhim platformaga aylanishiga ishonch bildirildi.

Afg‘on tomoniga sanoat uchun zarur bo‘lgan metrologiya laboratoriyalar xizmatlari, savdodagi texnik to‘siqlarni bartaraf etishda hukumatlararo Bitim loyihasi ishlab chiqish taklif etildi. Uchrashuv yakunlari bo‘yicha hamkorlikni yanada kengaytirish, muhokama qilingan loyiha va tashabbuslarni amalga oshirishni jadallashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar ko‘rishga kelishib olindi.