O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi direktori Akmal Jumanazarov hamda Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov va boshqa mutasaddi tashkilotlar vakillari o‘rtasida Agentlik tizimi faoliyatini raqamlashtirishga bag‘ishlangan uchrashuv o‘tkazildi.
Uchrashuvda tomonlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 28-fevraldagi PQ-91-son qaroriga muvofiq, "Texnik tartibga solish" milliy axborot tizimini ishlab chiqish holati, uning funksional imkoniyatlari, tizimning afzal jihatlari hamda bu borada qilinishi rejalashtirilgan ishlar bilan yaqindan tanishdilar.
Mazkur axborot tizimini bir qator vazirlik va idoralarning tegishli axborot tizimlari va resurslari bilan o‘zaro integratsiya qilish masalalari keng muhokama qilinib, uni yanada takomillashtirish bo‘yicha takliflar berildi.
Uchrashuv so‘ngida ushbu milliy axborot tizimi sohada shaffoflik darajasini oshishi, inson omilini qisqarishi, korrupsiya holatlarining kamayishiga, shuningdek, mamlakatimizning ushbu yo‘nalishdagi xalqaro reytinglardagi o‘rnini yaxshilashga xizmat qilishi qayd etildi.