O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligida yurtimizda joriy yilning 27-oktyabr kuni bo‘lib o‘tadigan muhim siyosiy jarayon – Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashlari deputatlari saylovini yuqori saviyada o‘tkazishga qaratilgan targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi.

Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari T.Madumarov mazkur saylovni yuqori saviyada o‘tkazishga puxta hozirlik ko‘rish masalasi to‘g‘risida so‘z yuritdi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 5-iyundagi O‘zbekiston Respublikasining "Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida"gi Qonuni ijrosini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi PQ-210-son Qarori mazmun-mohiyatini hamda korrupsiyani oldini olish bo‘yicha ishlarni jadallashtirish asosiy me’zonlardan biri ekanligiga alohida to‘xtalib o‘tdi.

Tadbirda so‘z olgan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiya a’zosi B.Yunusov mamlakatimiz tarixida birinchi marta bu yilgi saylovlar majoritar va proporsional tizim shaklida o‘tkazilayotganligi, Saylov — ovoz berish orqali davlat organlari, mahalliy o‘zini-o‘zi boshqarish organlari va boshqa tuzilmalarni tashkil etish vositasi ekanligi, fuqarolarning o‘z saylov huquqini amalga oshirishi — ularning davlatni boshqarishda ishtirok etishining eng muhim shakllaridan biriligini ta’kidladi. Ya’ni O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi 128-moddasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesiga, viloyatlar, tumanlar, shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlariga saylov tegishincha ularning konstitutsiyaviy vakolat muddati tugaydigan yilda — oktyabr oyi uchinchi o‘n kunligining birinchi yakshanbasida o‘tkazilishi belgilanganligi, shunga ko‘ra, deputatlik saylovi 2024-yil 27-oktyabr etib belgilanganligini bayon qildi. Bundan tashqari, "e-saylov" axborot tizimining qulayliklari va afzalliklari xususida so‘z olib bordi.

Yig‘ilish yakunida yuqorida qayd etilgan masalalar yuzasidan ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob qaytarildi.