O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi direktori Akmal Jumanazarov Kolumbiyada bo‘lib o‘tayotgan Xalqaro standartlashtirish tashkiloti (ISO)ning Bosh Assambleya yig‘ilishi doirasida Amerika Qo‘shma Shtatlarining ASTM International standartlashtirish idorasi vitse-prezidenti Tereza Sendrovska bilan uchrashdi.
Tomonlar O‘zbekiston va AQSh standartlashtirish sohasida hamkorlik munosabatlarning hozirgi holati va istiqbollari, standartlashtirish sohasida hamkorlik ko‘lamini kengaytirish, texnik qo‘mitalar faoliyatini takomillashtirish, xalqaro standartlarni joriy etish va kadrlar tayyorlash masalalari muhokama qilindi.
O‘zbekiston–AQSh o‘rtasida soha yo‘nalishida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish, tomonlarning ulkan salohiyatidan to‘liq foydalanish, yangi istiqbolli loyihalarni ishga kengaytirish va yanada chuqurlashtirish bo‘yicha fikr almashildi.
Eksport bozorlarini kengaytirish maqsadida savdodagi texnik to‘siqlar, eksport-import mahsulotlarga qo‘yilgan talablarga e’tibor qaratildi.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi va ASTM International standartlashtirish idorasi o‘rtasida samarali hamkorlikning 5 yilligi munosabati bilan Agentlik direktori Akmal Jumanazarovga minnatdorchilik va e’tirof yorlig‘i topshirildi.