30-iyun Yoshlar kuni munosabati bilan Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi va uning tizim tashkilotlari yosh mutaxassislarining sohaga oid taklif va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, muammolarini individual o‘rganish hamda bu borada ularga yechimlar va takliflar berish maqsadida "Rahbar va yoshlar" ochiq muloqoti tashkil qilindi.
Mazkur tantanali tadbirda agentlik direktori Akmal Jumanazarov yoshlarni bayram bilan tabriklab, ularni har tomonlama rag‘batlantirish, huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish, yoshlar sohasidagi muammolarga samarali yechimlar ishlab chiqish borasida qator islohotlar amalga oshirib kelinayotganini ta’kidladi.
Uchrashuv yakunida yoshlarning sohadagi faolligini oshirish maqsadida o‘zining shijoati, bilim va salohiyatini namoyon etib, yuqori natijalar bilan texnik jihatdan tartibga solish sohasiga munosib hissa qo‘shayotgan, tengdoshlariga har tomonlama o‘rnak bo‘lib kelayotgan yetakchi yoshlar taqdirlanib, ularga esdalik sovg‘alar topshirildi.
Maʼlumot uchun, bugungi kunda O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi tizimida jami 1400 dan ortiq xodim mehnat qilib kelayotgan bo‘lsa, ularning 18 foizi, ya’ni 256 nafar yoshlar faoliyat yuritib kelmoqda.