So‘nggi yillarda mamlakatimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida hududlarning eksport salohiyati kengayib bormoqda. O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligining hududiy tashkilotlari tomonidan tadbirkorlarga qo‘layliklar yaratish yuzasidan mahsulotlarni standart talablari asosida ishlab chiqarish va sertifikatlashtirish, mahsulotlarni sinovdan o‘tkazish, sifatni boshqarish tizimi joriy etish hamda mahalliy ishlab chiqaruvchi va eksportyor korxonalarga soha yo‘nalishlari bo‘yicha amaliy yordam ko‘rsatishda tizimli ishlar ishlar olib borilmoqda.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Taxtako‘pir tumanida o‘z faoliyatini 2020-yilda boshlagan “Good Salt Production” mas’uliyati cheklangan jamiyati osh tuzi ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi korxona hisoblanadi. Bugungi kunda zavodda 25 kishi mehnat qilib kelmoqda.
Germaniyaning «Monolith Mitte GmbH» kompaniyasi bilan bir million yevrolik shartnoma imzolanib, bugungi kunga qadar 131 ming AQSH dollarlik mahsulot eksport qilindi. Zavodning yillik quvvati 10 ming tonna mahsulotni tashkil etadi. Korxona tomonidan texnikalarni yangilash, ishlab chiqarish va eksport geografiyasini kengaytirish bo‘yicha amaliy ishlar rejalashtirilgan.
O‘zbekiston ilmiy-sinov va sifat nazorati markazi Qoraqalpog‘iston Respublikasi filiali tomonidan sohaga oid masalalarda amaliy yordam va konsultativ xizmatlar ko‘rsatish natijasida, korxonaning ishlab chiqarish jarayoniga ISO 9001 sifat menejmenti tizimi hamda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarga oziq-ovqat xavfsizligi menejmenti bo‘yicha ISO 22000 standartlari joriy qilindi.