Qoraqalpog‘iston Respublikasi Beruniy tumanida yangi ishga tushirilgan “Rayhon apparel” MChJ korxonasi tayyor kiyim ishlab chiqarishga mo‘ljallangan. Korxona yiliga 5 mln. dona 15 turdagi tayyor trikotaj kiyim-kechaklar mahsulotlari va paxta tolasi ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi.
Korxona tomonidan joriy yilning yanvar-may oylari mobaynida jami 131,2 ming AQSh dollari miqdorida to‘qimachilik mahsulotlari eksport qilingan bo‘lsa, iyun oyi mobaynida 101,4 AQSh dollar miqdorida to‘qimachilik mahsulotlari Xitoyga eksport qilindi.
O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligining “UzTest” Qoraqalpog‘iston Respublikasi filiali tomonidan yangi korxona mas’ullari bilan muzokara o‘tkazilib, ishlab chiqarilayotgan to‘qimachilik mahsulotlari xalqaro standartlar asosida sertifikatlashtirish, standart talablariga to‘liq javob bera oladigan xavfsiz va sifatli mahsulotlar ishlab chiqarish hamda sohaga oid boshqa masalalar yuzasidan tegishli tavsiyalar berildi.
Tadbir davomida korxonaning eksport geografiyasini kengaytirish uchun “GSP+” imtiyozlar tizimidan unumli foydalangan holda o‘z mahsulotlarini Yevropa davlatlariga eksportga yo‘naltirish masalalari ham muhokama qilindi.