Oʻzbekiston milliy metrologiya instituti (OʻzMMI)da milliy etalonlar bazasini takomillashtirish va rivojlantirish, ularni xalqaro darajada solishtirish va metrologiya sohasida ilmiy tadqiqotlar amalga oshirilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 15-avgustdagi “Oʻzbekiston Respublikasida muvofiqlikni baholash tizimini yana-da takomillashtirish va sinov laboratoriyalari kompleksini rivojlantirish toʻgʻrisida”gi qarorida Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan hamkorlikda ilmiy-amaliy loyihalarni amaliyotga tatbiq etish vazifasi yuklatilgan.
Shuningdek, 2021-yilda Innovatsion rivojlanish vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan hamkorlikda metrologiya sohasiga doir ilmiy loyihalarga davlat grantlarini ajratish davlat rahbari tomonidan belgilab berilgan. Shunga asosan OʻzMMI Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan Davlat ilmiy-texnik dasturlari doirasida 2020-yil 29-dekabrdagi 37-turi boʻyicha eʼlon qilingan amaliy hamda innovatsion loyihalar tanloviga ushbu yilda ilk bora metrologiya sohasiga oid 6 ta amaliy loyiha bilan ishtirok etmoqda.
OʻzMMI Toshkent davlat texnika universiteti va Oʻzbekiston Milliy Universitetilari bilan yaqindan hamkorlikni yoʻlga qoʻygan.
Joriy yilning fevral oyi holatiga institut tomonidan 87 366 dona oʻlchash vositalari (shulardan 945 dona oʻlchash vositasi yaroqsiz deb topilgan) metrologik tekshiruvdan oʻtkazildi. Koʻrsatilgan metrologik xizmatlardan 83 467 dona qiyoslash, 2 865 dona attestatsiya va 1 034 dona kalibrlash ishlarini tashkil etadi. Yuridik va jismoniy shaxslarning 28 473 ta murojaatlariga asosan elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik va issiq suvni hisobga olish uskunalarini (hisoblagichlarni) qiyoslash ishlari amalga oshirildi.
“OʻzMMI” tomonidan Xalqaro atom energiyasi agentligi (XAEA) moliyaviy koʻmagi asosidagi 171,4 ming Yevro miqdoridagi “Radiatsion va yadroviy xavfsizlik sohasida metrologik xizmatlarini rivojlantirish” texnik hamkorlik loyihasi doirasida 2014-2016-yillar davomida:
OʻzMMIning dozimetriya laboratoriyasi 4 dona yuqori aniqlikdagi oʻlchash vositalari bilan taʼminlanib aholimiz tomonidan isteʼmol qilinayotgan oziq-ovqat mahsulotlaridagi radiatsion koʻrsatgichlarni aniqlashda foydalaniladigan gamma spektrometrlar, gamma nurlanish manbalarini metrologik tekshiruvdan oʻtkazish imkoniyati yaratildi. Yana 379,2 ming Yevro miqdoridagi mablagʻ hisobiga “Oʻzbekiston Respublikasida ikkilamchi etalonlar dozimetriya laboratoriyasini yaratish” Texnik hamkorlik loyihasi doirasida OʻzMMI xodimlari xalqaro malaka oshirish va oʻquv seminarlarida ishtirok etishdi. Institutga xalqaro ekspertlar tashrifi tashkil etildi.
Germaniya tomonidan 1,4 mln. Yevro miqdorda mablagʻ ajratilib “Markaziy Osiyo mamlakatlari sifat infratuzilmasini mustahkamlash” loyihasi boʻyicha Qirgʻiziston, Qozogʻiston, Tojikiston, Turkmaniston va Oʻzbekiston davlatlarida 2019-2022-yillarda moʻljallangan ishlar olib borilmoqda. Loyiha doirasida joriy yilning 3-6-mart kunlari Tojikiston Respublikasining Dushanbe shahrida Germaniya Federativ Respublikasining Federal fizika-texnika instituti (Physikalisch-Technische Bundesanstalt – PTB) hamkorligida “Oʻlchashlar biriligini taʼminlash” mavzusidagi mintaqaviy seminarda Oʻrta Osiyo davlatlarining metrologiya va akkreditatsiya sohalarida faoliyat olib borayotgan mutaxassislari ishtirok etishdi. Shu kunlarda «Tojikstandart» agentligining toʻrt nafar xodimi OʻzMMIda malaka oshirishi kutilmoqda.
Germaniyaning “Atlas International” kompaniyasi bilan imzolangan 93 052 Yevro miqdoridagi shartnoma asosida foto-video fiksatsiya tizimi texnikasi va uskunalarini oʻlchash boʻyicha laboratoriya tashkil etildi. OʻzMMI xodimlari Germaniyaning “Jenoptik Robot GmbH” korxonasiga xizmat safariga boʻlib, “MultaRadar” va “Traffistar” rusumli harakat tezligini foto-video fiksatsiya qilish, turini tasdiqlash hamda davlat sinovidan oʻtkazish ishlarini amalga oshirishdi.
Eslatib oʻtamiz, OʻzMMI 2018-yilda Xalqaro oʻlchov va tarozilar byurosi (BIPM) ga aʼzosi boʻlib, mazkur yilda Fransiyada Milliy metrologiya institutlari tomonidan beriladigan milliy oʻlchash etalonlari hamda kalibrlash va oʻlchash sertifikatlarini oʻzaro tan olish (CIPM MRA) toʻgʻrisidagi Bitimga qoʻshilgan. 2019-yil aprel oyida Osiyo Tinch okeani davlatlari metrologik dasturining (APMP) assotsiatsiyalashgan aʼzosi maqomi olindi.
OʻzMMI tomonidan Bosniya va Gersegovina, Xitoy Xalq Respublikasi, Rossiya, Belorussiya, Moldova, Ukraina va Qozogʻiston davlatlarining Milliy metrologiya institutlari bilan ilmiy-texnik xamkorlik toʻgʻrisida memorandumlari imzolangan. Rosstandart, Germaniya Federativ Respublikasining Federal fizika-texnika instituti (Physikalisch-Technische Bundesanstalt – PTB), Turkiyaning Milliy metrologiya instituti (TÜBİTAK UME) bilan doimiy hamkorlik oʻrnatilgan.
OʻzMMIning kalibrlash laboratoriyalari Turkiyaning akkreditatlash agentligi (TÜRKAK) tomonidan xalqaro darajada akkreditatsiyadan oʻtkazildi. Endilikda kalibrovka yoʻnalishi 58 tadan 72 taga kengaytirilib laboratoriyalarning dalolatnoma va xulosalari 60 dan ortiq davlatlarda tan olinadigan boʻldi.
Mintaqaviy metrologiya tashkiloti – «Yevro-Osiyo mintaqasi davlat metrologiya muassasalari hamkorligi (COOMET)” orqali BIPM bilan oʻzaro hamkorlik doirasida “OʻzMMI” milliy oʻlchov standartlari va eng yuqori aniqlikdagi oʻlchash vositalarini taqqoslanishini tashkil etish va hamda Metrologiya sohasida hujjatlarni ishlab chiqish boʻyicha 20 ta COOMET loyihasini amalga oshirishda ishtirok etmoqda. Institut 2017-yilda COOMETda 5 ta loyiha bilan ishtirok etishni boshlagan boʻlsa mazkur yilda 12 ta loyiha amalga oshirilmoqda.
Matbuot xizmati
99 729-44-62