Koronavirus pandemiyasi tufayli vujudga kelgan vaziyat sohaning barqaror ishlashini taʼminlash, daromadlarning haddan tashqari pasayib ketishi va ishsizlikning oldini olish boʻyicha zarur choralar koʻrishni taqozo etmoqda.
Mamlakatimizda karantin eʼlon qilinishi munosabati bilan joriy yil 16-martdan xalqaro, 22-martdan esa ichki yoʻnalishlarda yoʻlovchi tashish qatnovlari toʻxtatildi. Bu holat yurtimiz transport sohasida ham iqtisodiy zarar koʻrishga olib keldi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 25-may kuni transport sohasining barqaror ishlashini taʼminlash va izchil rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻtkazgan yigʻilishida ushbu vaziyatda sohani toʻgʻri isloh qilish boʻyicha muhim topshiriqlarni berdi. Oʻz vaqtida qabul qilinayotgan qarorlar transport korxonalari faoliyatini davom ettirish va moliyaviy barqarorligi uchun ham juda katta turtki boʻlib xizmat qilmoqda.
Ayni vaziyatda Transport vazirligi tomonidan pandemiyaning sohaga salbiy taʼsirini kamaytirish va qoʻshimcha daromad manbalarini topish, shuningdek, xarajatlarni optimallashtirish choralari koʻrilmoqda. Xususan, karantindan eng koʻp zarar koʻradigan “Uzbekistan airways” aksiyadorlik jamiyatining mavjud havo kemalari parkidan samarali foydalanish hisobiga xizmatlar eksporti va aviakompaniya daromadlarini oshirish maqsadida 4 ta “Boeing-767” yoʻlovchi samolyoti yuk tashishga moslashtirildi.
Buning natijasida ushbu 4 ta yoʻlovchi samolyotidan foydalangan holda bir yilda 60 ming tonnadan ortiq yuk tashish orqali 120 million dollar qoʻshimcha daromad olish imkoni yaratildi. Joriy yilning yanvar-aprel oylarida “Uzbekistan airways” aksiyadorlik jamiyatining yuk tashuvlari hajmi 4 ming 650 tonnani tashkil etib, oʻtgan yilning ushbu davriga nisbatan 15 barobarga oshdi. Parvozlar soni 142 tani tashkil etib, 24 barobarga koʻpaydi.
Respublika maxsus komissiyasi qaroriga koʻra, shu yilning 18-mayidan boshlab karantin qoidalariga amal qilgan holda Toshkent shahridan Nukus, Urganch, Termiz shaharlariga aviaqatnovlar (borish va qaytish) tiklandi. Shuningdek, Toshkent shahridan Navoiy, Buxoro, Qarshi shaharlariga “Afrosiyob” tezyurar poyezdi hamda Fargʻona vodiysiga temir yoʻl qatnovi (borish va qaytish) qayta yoʻlga qoʻyildi.
Shuningdek, “Karantin davrida mahalliy yoʻnalishlarda avia va temir yoʻl qatnovlarini amalga oshirishning vaqtinchalik tartibi” ishlab chiqilib, maxsus komissiya qarori bilan tasdiqlandi.
Ushbu tartib asosida mahalliy yoʻnalishlarda yoʻlovchi tashish davomida koronavirus infeksiyasining tarqalishiga yoʻl qoʻymaslik, avia va temir yoʻl tashuvlari barcha ishtirokchilariga qoʻyiladigan talab va vazifalar, shuningdek, yoʻlovchilarning havo va temir yoʻl transportida harakatlanish tartibi belgilab berildi. Taʼkidlash joizki, ushbu tashuvlarni amalga oshirishda barchaning (tashuvchilar va yoʻlovchilar) karantin talablariga rioya qilishi qatʼiy nazorat qilinmoqda.
Hozirgi pandemiya sharoiti mamlakatimizda yetishtirilgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini xorij bozorlariga olib chiqish, bunda mahalliy eksportyorlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ular uchun qulay sharoit yaratish masalasiga alohida eʼtibor qaratish zarurligini koʻrsatmoqda.
Shu maqsadda Transport vazirligida uzluksiz faoliyat yurituvchi shtab tashkil etilib, pandemiya davrida milliy eksportyor va importyorlar yuklarini manzillariga yetkazishda amaliy yordam berish, vujudga kelayotgan muammolarni operativ hal qilish choralari koʻrilmoqda.
Maʼlumotlarga koʻra, xalqaro avtomobil tashuvlarida ayrim davlatlardagi cheklov va tirbandliklar sababli yuk tashuvlari temir yoʻl transportiga yoʻnaltirilmoqda. Shu munosabat bilan, milliy eksportyorlarimiz uchun temir yoʻlda tashish boʻyicha qulayliklar yaratish maqsadida Rossiya, Turkiya, Qozogʻiston, Turkmaniston, Afgʻoniston, Ozarbayjon, Gruziya, Eron davlatlari transport idoralari rahbarlari bilan muntazam video-muloqotlar oʻtkazilayotir.
Natijada asosiy xalqaro yoʻnalishlar boʻyicha temir yoʻl tashuvlariga chegirmalar olish hisobiga tariflar 2019-yilga nisbatan 50-70 foizga kamaytirildi. Joriy yilning aprel-may oylarida Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining mis va sink yuklari ortilgan 9 ta blok-poyezd (jami 698 ta 20 futli konteyner) “Toshkent–Aktau–Baku–Tbilisi–Kars–Istanbul” yoʻnalishi orqali Turkiyaga yuborildi.
Shu bilan birga, mahalliy tadbirkorlik subyektlari, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtiruvchilar va oziq-ovqat taʼminoti bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlar uchun mahsulotni eksport qilishga koʻmaklashish maqsadida muayyan yoʻnalishlar boʻyicha optimallashtirilgan tariflarda yuk tashish parvozlari yoʻlga qoʻyildi. Ayni damda “Uzbekistan airways” aksiyadorlik jamiyati tomonidan Toshkent–Navoiy–Dubay, Toshkent–Namangan–Moskva, Toshkent–Seul, Toshkent–Shanxay, Toshkent–Pekin, Toshkent–London yoʻnalishlarida muntazam yuk tashuvlari amalga oshirilmoqda.
Qolaversa, kelib tushgan buyurtmalar asosida Toshkent–Moskva, Toshkent–Shanxay, Toshkent–Dubay, Namangan–London, Namangan–Seul, Navoiy–Moskva, Toshkent–Novosibirsk, Toshkent–Tyanszin yoʻnalishlarida charter yuk parvozlarini amalga oshirish imkoniyati taqdim etilmoqda. Birgina 13-25-may kunlari havo transporti orqali jami 83,3 tonna meva va tekstil mahsulotlari Moskva, Shanxay, Dubay, Seul va Bangkok shaharlariga eksport qilindi.