Oʻzbekistonning Vashingtondagi elchixonasi xabariga koʻra, AQSHning rasmiy doira vakillari va ekspertlari, shuningdek, AQSHda istiqomat qilayotgan vatandoshlar hamjamiyati Buxoro va Sirdaryo viloyatlarida yuz bergan tabiiy ofatdan jabrlanganlarga hamdardlik bildirib, qoʻllab-quvvatlashlarini maʼlum qildi.
 
AQSH Davlat kotibi Janubiy va Markaziy Osiyo masalalari boʻyicha yordamchisining birinchi oʻrinbosari Elis Uells oʻzining Tvitter sahifasida shunday dedi:
 
“Bugun bizning qalbimiz Sirdaryo va Turkiston aholisi bilan birga. Biz Oʻzbekiston va Qozogʻiston bilan yaqinmiz va birgalikda tiklanamiz”.
 
AQSHning yetakchi tahlil markazlaridan biri - Xalqaro strategik tadqiqotlar assotsiatsiyasi prezidenti Gregori Kopley oʻz intervyusida:
 
- Oʻzbekiston koronavirus pandemiyasiga qarshi samarali kurashayotganini koʻrib, juda mamnunman. Afsuski, yaqinda mamlakat keng koʻlamli tabiiy ofatlar - Buxoroda boʻron va Sirdaryo viloyatlaridagi toshqinlarga duch keldi.
 
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida hukumat sodir boʻlgan hodisaning birinchi kunlaridan boshlab mamlakatning ushbu mintaqalarida zarar koʻrgan aholiga har tomonlama yordam koʻrsatayotgani, tabiiy ofatlar oqibatlarini bartaraf etish uchun oʻz vaqtida samarali choralar koʻrayotganligiga butun dunyo guvoh boʻlmoqda.
 
Shuni taʼkidlash kerakki, duch kelgan qiyinchiliklarga qaramay, Oʻzbekiston COVID-19 virusiga qarshi kurashni davom ettirmoqda. Bu oʻzbek xalqining birdamligini namoyish etadi va Markaziy Osiyo mintaqasi uchun namuna, desak yanglishmagan boʻlamiz.
 
Ishonamizki, Oʻzbekiston tabiiy ofatlar oqibatlarini tezda bartaraf etadi. Bu yerda, Vashingtonda, biz jabrlanganlarning salomatligi uchun ibodat qilamiz va ularga tezroq tiklanishlarini tilaymiz".
 
Xalqaro strategik tadqiqotlar assotsiatsiyasi AQSHdagi yetakchi ilmiy markazlardan biri boʻlib, 200 dan ortiq mutaxassislarni oʻz ichiga oladi. Uyushma har oy mudofaa va tashqi aloqalar jurnalida, asosan AQSHning Xitoy, Rossiya, Eron, Yaqin Sharq va Osiyo bilan munosabatlari toʻgʻrisida ilmiy materiallarni nashr etadi.
 
Turkiston-Amerika assotsiatsiyasi prezidenti Abdulla Xuj oʻz videomurojaatida quyidagilarni taʼkidladi:
 
"Biz kecha Sirdaryodagi suv omborida toʻgʻonning ochilishi toʻgʻrisida kelgan tashvishli xabarlarni qaygʻu bilan qabul qildik. Shu munosabat bilan biz Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga va butun oʻzbek xalqiga hamdardlik bildiramiz.
 
Ushbu tabiiy ofat odamlarning qurbon boʻlishiga olib kelmaganidan mamnunmiz. Oʻzbekiston hukumati mahalliy aholini evakuatsiya qilish uchun zudlik bilan choralar koʻrdi va zarur yordam koʻrsatdi.
 
Oʻzining uzoq tarixida koʻplab sinovlardan oʻtgan xalq ushbu qiyinchiliklarni jasorat va hamjihatlik ruhida yengib oʻtishiga aminmiz.
 
Ramazon oyining ushbu muborak kunlarida oʻzbek xalqi ushbu ofatlarning oqibatlarini tezda bartaraf etishini soʻrab duo qilamiz”.
 
Turkiston-Amerika assotsiatsiyasi AQSHda birinchi nodavlat, notijorat oʻzbek jamoat tashkilotidir, u 1958-yilda Oʻzbekistondan kelgan muhojirlar tashabbusi bilan Filadelfiya shahrida tashkil etilgan. Uyushma aʼzolarining soni qariyb 3 ming kishini tashkil etadi, ularning 80% dan ortigʻi AQSH va Kanadaning turli shtatlarida istiqomat qiluvchi oʻzbekistonlik muhojirlardir.
 
Pitsburg universiteti professori Jennifer Murtazashvilli Sirdaryo viloyatida barchaga oʻzbek tilida murojaat qildi.
 
"Assalomu alaykum azizlar, sardobalik doʻstlarim, dardingizga sherikman!
 
Achindim! Sirdaryo viloyatidagi toshqindan aziyat chekkan odamlarga oʻzimning hamdardligimni bildiraman. Kuchli boʻlishingizni soʻrayman. Bizlar siz bilan birgamiz!"
 
Jennifer Murtazashvili, Pitsburg universiteti Xalqaro rivojlanish dasturi direktori. Jamiyat va xalqaro aloqalar, Oʻrta Osiyo va Afgʻoniston haqida bir nechta kitoblar muallifi. U Oʻzbekistondagi Amerika Qoʻshma Shtatlari Xalqaro taraqqiyot agentligida ishlagan, AQSH Tinchlik korpusining va Jahon bankining maslahatchisi.
 
OʻzA