Xalqimizda safar qilishning foydali jihatlari xususida ko‘plab maqollar bor.”Sog‘lom bo‘lay desang safar qil, dunyoqarashingni boyitay desang safar qil, insonning qadrini bilay desang safarga chiq” degan purma’no gap bejizga aytilmagan.
Har gal xizmat safari bahona mamlakatimizning olis hududlarida bo‘lganimda hamyurtlarimizning samimiyligi, mehmondo‘stligi va mehnatsevarligiga havasim keladi. Eng asosiysi ularning qalbidagi ertangi kunga bo‘lgan ishonch tuyg‘usi menga ham kuch bag‘ishlaydi.
Joriy yilning 27-29 oktyabr kunlari navbatdagi xizmat safari yuzasidan Xorazm viloyati va Qoraqalpog‘iston Respublikasida bo‘ldim.
Dastlab bizning parvozimizni ta’minlayotgan “O‘zbekiston Havo yo‘llari” milliy aviokompaniyasiga qarashli samolyot Urganch aeroportiga yaqinlashar ekan, beixtiyor pastlikka nazar soldim. Odatda osmondan barcha narsalar aniq ko‘zga tashlanadi.
Urganch shahrining bo‘y-basti, unga tutash bo‘lgan manzillar hamda qishloq xo‘jaligi ekinzorlari, bog‘u-rog‘lari, sokin oqayotgan daryo suvlari aniq ko‘rinib turipti.
Xorazm Sinov va sertifikatlashtirish markazining direktori Alisher og‘a Xudoyberganov menga hamrohlik qilar ekan, yo‘l-yo‘lakay viloyat hayotiga bog‘liq bo‘lgan so‘nggi yangiliklar haqida gapirib berdi.
Shahar markaziga eltuvchi ravon va keng yo‘llar, zamonaviy yechim asosida qad rostlagan binolar,aholi yashaydigan ko‘p qavatli imoratlar e’tiborimizni tortdi. Hamrohim yaqindagina muhtaram Prezidentimizning Xorazm viloyatga qilgan tashriflari haqida to‘lqinlanib gapirar ekan, unga bajonidil quloq tutdim.
-Bilasizmi,deydi Alisher og‘a, Prezidentimizning viloyatimizga kelganlaridan xalqimiz juda ham mamnun bo‘ldi. Ayniqsa ularning oddiy insonlar qalbida ertangi kunga bo‘lgan ishonchning o‘yg‘otganlari, hayotlaridan roziligi yo‘lida olib borayotgan izchil siyosatlari yurtdoshlarimiz ko‘nglini tog‘dek ko‘tarib yubordi.
Haqiqatdan ham, Urganch ko‘chalarini aylanish va suhbatdoshimning xursandchilik bilan sug‘orilgan mulohazalarini tinglab, shu narsaga amin bo‘ldimki, viloyatda odamlar o‘zgacha ruh bilan yashab, mehnat qilayotganliklarini yurakdan his etish mushkul emas. Darvoqe, joriy yilda viloyatning tajribali dehqonlari Respublikamizda birinchilardan bo‘lib davlatga paxta topshirish rejasini udallaganlari, jinoyatchilikni oldini olish bilan bog‘liq Xorazm tajribasi, bularning barchasida mehnatkash xalqning ulkan xizmati borligini ta’kidlash joiz.
Tushdan so‘ng Urganch shahida faoliyat ko‘rsatayotgan Sinov va sertifikatlashtirish markaziga keldik. Belgilangan rejaga ko‘ra markaz xodimlari bilan suhbatlashdik. Yig‘ilishda Xorazm Standartlashtirish va metrologiya boshqarmasi boshlig‘i Ro‘ziboa og‘a Bekchanov ham ishtirok etdilar. Markaz direktori Alisher og‘a Xudoyberganov xodimlariga mavzu yuzasidan tushuncha berar ekan, men esa beixtiyor hamkasblarimining yuz-ko‘zlaridagi ko‘tarinkilkni his qildim.
Haqiqtdan ham, keyingi qisqa vaqt ichida Xorazm Sinov va sertifikatlashtirish markazi faoliyatida ham sezilarli ishlar bajarilayotgani, ish jarayonida foydalanish uchun zarur bo‘ladigan zamonaviy jihozlarining xarid qilinayotgani va eng asosiysi, tumanlarda aholi va tadbirkorlar uchun qiyoslov shaxobchalarining tashkil etilayotgani hamda erkin iqtisodiy hududlarda istiqbolli rejalarning tuzilayotgani buning isboti deyish mumkin.
28 oktyabr kuni ertalab hamrohim Alisher og‘a Xudoyberganov bilan Urganchdan qadim Amudaryo orqali Qoraqolpog‘iston Respublikasining Ellikqal’a tumaniga yo‘l oldik. Qadim Amudaryoning nafasi ufurib turgan manzil tomon borar ekanmiz, beixtiyor yon-atrofga oltin kuz fasli o‘zining butun go‘zalligini namayon etib turganligiga guvoh bo‘ldik.
Oltin rangida tovlanib turgan tabiat manzaralari Amudaryoning salobati bilan uyg‘unlashib yanada go‘zal qiyofa kasb etmoqda.-
- Ayrimlar viloyatimizni faqatgina qumliklardan iborat deb o‘ylaydi. Ammo qum pepaliklari bilan bir qatorda mana bunday xushmanzara joylarimiz ham bor deydi hamrohim o‘z xursandchiligini yashira olmay.
Yuragimizda xursandchilik bilan Alisher og‘a bilan shu yerning o‘zida xayrlashib, qadim va tarixiy tilsimotlarni o‘z bag‘riga yashirgan Ellikqal’a tumaniga yo‘l oldik. Bu yerda ham bizni oltin kuz manzaralari qarshi oldi. Tuman dehqonlari bu yil ham barcha sohalarda oldilaridagi rejalarni uddalabtilar.
Menga bu yerda Qoraqalpog‘iston Sinov va sertifikatlashtirish markazi direktori Chingiz og‘a Xudoyberganov hamrohlik qildi. “O‘zstandart” agentligi Bosh direktori tomonidan tasdiqlangan reja-dasturiga asosan tumandagi jismoniy va yuridik shaxslar ishtirokida sayyor uchrashuvda qatnashdik.
Unda 70 nafar tadbirkorlar, ishlab chiqarish korxonalarining vakilari ishtirok etdilar. To‘g‘risini aytganda, qishloq xo‘jaligi sohasidagi ishlar hali ham o‘z nihoyasiga yetmagan bo‘lsada, tuman aholisi vaqt topib sayyor uchrashuvda faol ishtirok etib, o‘zlarini qiziqtirayotgan ko‘plab savollarini berdilar.
Bu yerda ham odamlarning yuz-ko‘zlarida ishonch porlab turibti. Dehqonchilikning sirini o‘zlashtirib olgan tuman fermerlari bu yil ham paxta va meva yetishtirishda rejalarini bajarganliklarini faxir bilan gapirib berdilar.
Uchrashuv tugagach, Chingiz og‘adan Nukus shahriga ketaverishda qadimiy Sulton Uvays bobo ziyoratgohiga kirib o‘tishni iltimos qildim. Hamrohlarimiz bilan muqaddas qadamjoda bo‘lib, uni ziyorat qildik. Mustaqillik yillarida boshqa qadamjolar qatorida bu yerda ham katta hajimdagi obodonlashtirish, qurilish-ta’mirlash ishlari bajarilganligi ko‘rinib turibti.
Hamrohlarimiz bilan Nukus shahri tomon yurar ekanmiz beixtiyor Chingiz og‘a gap boshlab qoldilar.
-Aka,bu yil ikkinchi qizim falakning gardishi bilan hamdo‘stlik mamlakatlaridan biriga o‘qishga qabul qilindi. Har holda qiz bolada. Imkoni bo‘lsa tez-tez telefon orqali gaplashib turishga to‘g‘ri keladi. Shunda qizim dada, hammasi yaxshi, ammo deb jimib qoldi. Nima gap,biror-bir muammo borim dedim xavotirlanib.
Shunda qizim, dada sharoitlarim yaxshi, biroq insonlar orasidagi mehr-oqibat, munosabat bir-birini holidan xabar olishda bizga yetmas ekan dedi. Yana u qo‘shimcha qilib, bu yerning mevalari ham bizning mevalar kabi shirin emas desa bo‘ladimi.
Chingiz og‘aning qisqa hikoyasidan shuni angladimki,insonlar o‘rtasidagi oqibat,yaxshi-yomon kunlarida bir-birining holidan xabar olish kabi qadryatlar ona yurtimizda avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan bebaho boylik ekaniga chin yurakdan iqror bo‘ldim.
Suhbatimiz qizib,Nukus shahriga ham yetib kelganimizni sezmay qolibmiz. Bu yerda ham yo‘llarning kengaytirilayotgani,obod manzillarga asos solinayotgani va zamonaviy turar joylarining qad rostlayotganiga guvoh bo‘ldik.Eng muhimi joriy yilda Nukus shahrida Sinov va sertifikatlashtirish markazining zamonaviy ko‘rinishdagi yangi binosi qurib ishga tushirilgani tarixiy voqea bo‘ldi.Buladan tashqari,bino xonalari zamonaviy jihozlar bilan ta’minlangani xodimlarni behad xursand qildi.
Ayni kunlarda Nukus shahridagi aeroportining binosida ta’mirlash ishlari qizg‘in pallaga kirgan.Bir so‘z bilan aytganda,yurtimizning qay bir go‘shasida bo‘lmang,barcha joylarda ulkan qurilish,obodonlashtirish ishlari tizimli tashkil etilganiga guvoh bo‘lasiz.
Asosiy maqsad esa,odiy odamlarning turmush farovonligini yaxshilash va ularning qalbida ertangi kunga bo‘lgan ishonchni o‘yg‘otishga qaratilayotgani bilan ahamiyatlidir.

 

Abdurauf Rasulov.
“O‘zstandart” agentligi Matbuot xizmati rahbari.