O’zbekiston Respublikasining «Metrologiya to‘g‘risida»gi Qonuniga asossan - O’zbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi («O’zstandart» agentligi) metrologiyaga oid faoliyatni davlat tomonidan boshqaruvini amalga oshiradi.
«O’zstandart» agentligi vakolatiga:
- metrologiya sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish, metrologiyaga oid faoliyatni mintaqalararo va tarmoqlararo muvofiqlashtirish;
- milliy etalonlarni yaratish, tasdiqlash, saqlash va qo‘llab-quvvatlash hamda ularning xalqaro darajada solishtirilishini ta’minlash qoidalarini belgilash;
- o‘lchov vositalari, usullari va natijalariga qo‘yiladigan umumiy metrologik talablarni aniqlash;
- davlat metrologiya tekshiruvi va nazoratini amalga oshirish;
- metrologiya masalalari bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlarni va normativ hujjatlarni qabul qilish, shu jumladan davlatning boshqa boshqaruv organlari bilan hamkorlikda qabul qilish;
- metrologiya sohasida ilmiy va muhandis-texnik kadrlar tayyorlash;
- O’zbekiston Respublikasining metrologiya sohasidagi xalqaro shartnomalariga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish;
- metrologiya masalalari bo‘yicha xalqaro tashkilotlar faoliyatida qatnashish;
- O’zbekiston Respublikasining o‘lchovlarning yagona birlikda bo‘lishini ta’minlash tizimi faoliyat olib borishi va rivojlanishini hamda uning xalqaro o‘lchov tizimi va boshqa mamlakatlarning o‘lchovlar tizimlari bilan uyg‘unlashuvini ta’minlash;
- iste’molchilar huquqlarini, fuqarolarning sog‘lig‘i va xavfsizligini, atrof muhitni hamda davlat manfaatlarini noto‘g‘ri o‘lchov natijalarining salbiy oqibatlaridan muhofaza qilishga doir chora-tadbirlarni amalga oshirish kiradi.
O’zbekiston Respublikasi metrologiya xizmati davlat metrologiya xizmatidan va yuridik shaxslarning metrologiya xizmatlaridan tarkib topadi.
«O’zstandart» agentligi boshchilik qiladigan davlat metrologiya xizmatiga Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi davlat metrologiya xizmati organlari kiradi. Davlat metrologiya xizmati organlari davlat metrologiya tekshiruvi va nazoratini, shuningdek faoliyatning boshqa turlarini amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiradi.
Yuridik shaxslarning metrologiya xizmatlari zarurat bo‘lgan hollarda o‘lchovlarning yagona birligini ta’minlash bo‘yicha ishlarni bajarish va metrologiya nazoratini amalga oshirish uchun tuziladi. Yuridik shaxslar metrologiya xizmatlarining huquq va burchlari davlat metrologiya xizmati organlari bilan kelishib olingan nizomlar bilan belgilanadi.
Quyidagilar davlat metrologiya tekshiruvi va nazoratining ob’ektlari hisoblanadi:
- etalonlar;
- o‘lchov vositalari;
- sinov vositalari;
- moddalar va materiallar tarkibi hamda xossalarining standart namunalari;
- axborot-o‘lchov tizimlari;
- o‘lchovlarni bajarish uslubiyotlari;
- metrologiya normalari va qoidalarida nazarda tutilgan o‘zga ob’ektlar.
Davlat metrologiya tekshiruvi va nazorati:
- sog‘liqni saqlash, veterinariya, atrof-muhitni muhofaza qilish;
- moddiy boyliklarni va energetika resurslarini hisobga olish;
- savdo-tijorat, bojxona, pochta va soliq operatsiyalarini o‘tkazish, telekommunikatsiya xizmatlarini ko‘rsatish;
- zaharli, yengil alangalanuvchan, portlovchi va radioaktiv moddalarni saqlash, tashish hamda yo‘q qilib tashlash;
- davlat mudofaasini ta’minlash;
- mehnat xavfsizligini va transport harakati xavfsizligini ta’minlash;
- sertifikatlanadigan mahsulotning xavfsizligi va sifatini aniqlash;
- geodezik va gidrometeorologik ishlar;
- o‘lchov vositalarini davlat sinovidan, tekshiruvdan, kalibrlashdan, ta’mirlash va metrologik attestatsiyadan o‘tkazish;
- foydali qazilmalarni qazib olish;
- milliy va xalqaro sport rekordlarini ro‘yxatga olishga nisbatan tatbiq etiladi.
O’zbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga binoan davlat metrologiya tekshiruvi va nazorati faoliyatning o‘zga doiralariga nisbatan ham tatbiq etilishi mumkin.
Davlat metrologiya tekshiruvi quyidagi tarzda amalga oshiriladi:
- o‘lchov vositalarining turlarini sinash va tasdiqlash;
- o‘lchov vositalarini, sinov vositalarini va o‘lchovlarning bajarilish uslubiyotlarini metrologik attestatsiya qilish;
- o‘lchov vositalarini, shu jumladan etalonlarni tekshiruvdan o‘tkazish, kalibrlash;
- o‘lchov vositalarini, sinov vositalarini hamda o‘lchovlarning bajarilish uslubiyotlarini sinash, tekshiruvdan o‘tkazish, metrologik attestatsiya qilish, o‘lchov vositalarini, sinov vositalarini va metrologiya faoliyatning boshqa muayyan turlarini kalibrlash huquqiga ega bo‘lishi uchun metrologiya xizmatlari, markazlari, laboratoriyalarini akkreditatsiya qilish;
- o‘lchovlarning, sinovlarning bajarilish sifatini va metrologiya faoliyatining boshqa turlarini baholash.
Davlat metrologiya nazorati:
- o‘lchov vositalarini tayyorlash, ta’mirlash, ularning ijarasi bilan shug‘ullanish, ularni realizatsiya qilish, ularning holati va qo‘llanilishi (o‘lchamlar birliklari etalonlarini, moddalar va materiallar tarkibi hamda xossalarining standart namunalarini, o‘lchov tizimlarini qo‘shgan holda);
- o‘lchovlarning bajarilish uslubiyotlarining qo‘llanilishi;
- belgilangan metrologiya normalari va qoidalariga rioya etilishi hamda akkreditatsiya qilingan metrologiya xizmatlari, markazlari, laboratoriyalari faoliyati ustidan amalga oshiriladi.
Zarur hollarda «O’zstandart» agentligi qaroriga binoan metrologiya tekshiruvi va nazoratning boshqa turlari va shakllari ham belgilanishi mumkin.