O’zbekiston Respublikasining «Standartlashtirish to‘g‘risida»gi Qonuniga asossan O’zbekiston Respublikasida standartlashtirish ishlarini o‘tkazishning umumiy tashkiliy-texnik qoidalarini tartibga solib turuvchi standartlashtirish tizimi faoliyat ko‘rsatadi.
Standartlashtirish ishlarini tashkil etish, muvofiqlashtirish va ta’minlashni:
- xalq xo‘jaligi tarmoqlarida - O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi;
- qurilish, qurilish industriyasi sohasida, shu jumladan loyihalash va konstruktsiyalashda - O’zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi;
- tabiiy resurslardan foydalanishni tartibga solish hamda atrof muhitni ifloslanishdan va boshqa zararli ta’sirlardan muhofaza qilish sohasida - O’zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi;
- tibbiyot uchun mo‘ljallangan mahsulotlar, shu jumladan dori vositalari, tibbiy buyumlar, tibbiy texnika sohasida, shuningdek O’zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilayotgan, shu jumladan import bo‘yicha yetkazib berilayotgan mahsulotlarda inson uchun zararli moddalar mavjudligini aniqlash masalalarida - O’zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi;
- mudofaa qobiliyatini va safarbarlik tayyorgarligini ta’minlash, mudofaa ahamiyatiga molik mahsulotlar sohasida - O’zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi amalga oshiradi.
O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi ushbu Qonunga muvofiq standartlashtirish ishlarini o‘tkazishning umumiy qoidalarini, manfaatdor tomonlarning davlat boshqaruv organlari, jamoat birlashmalari bilan olib boradigan hamkorlikdagi ishining shakl va usullarini belgilaydi.
Ushbu Qonunga muvofiq davlat boshqaruvi organlari o‘z vakolatlari doirasida standartlarni ishlab chiqadi, tasdiqlaydi va nashr etadi.
O’zbekiston Respublikasida standartlashtirishga doir quyidagi toifadagi normativ hujjatlar qo‘llaniladi:
- xalqaro (davlatlararo, mintaqaviy) standartlar;
- O’zbekiston Respublikasining davlat standartlari;
- tashkilotning standartlari;
- xorijiy mamlakatlarning milliy standartlari.
Davlat yagona uzluksiz ta’lim tizimida O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan davlat ta’lim standartlari ishlab chiqiladi.
Standartlashtirishga doir normativ hujjatlar jumlasiga, shuningdek standartlashtirish qoidalari, normalari, texnik-iqtisodiy axborot klassifikatorlari ham kiradi. Mazkur hujjatlarni ishlab chiqish va qo‘llash tartibi O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi tomonidan belgilanadi.
Xalqaro (davlatlararo, mintaqaviy) standartlar va xorijiy mamlakatlarning milliy standartlari, shuningdek xalqaro qoidalar va normalar O‘zbekiston Respublikasi ishtirok etgan shartnoma yoki bitimlarga muvofiq qo‘llaniladi. Ushbu standartlar, qoidalar va normalarni respublika hududida qo‘llash tartibini O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi va davlat boshqaruvining boshqa organlari o‘z vakolatlari doirasida belgilaydilar.
Standartlashtirishga doir normativ hujjatlar vatanimiz hamda chet el fan va texnikasining zamonaviy yutuqlariga asoslangan va O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligiga muvofiq bo‘lishi lozim. Ular xalqaro savdo-sotiq uchun ortiqcha to‘sqinliklarni vujudga keltirmasligi lozim.
Mahsulot, atrof-muhit, aholining hayoti, sog‘lig‘i va mol-mulki xavfsizligini, texnikaviy va axborot jihatdan mahsulotning bir-biriga mos kelishi va o‘zaro almashinuvchanligini, ularni nazorat qilish usullari birligi va tamg‘alash birligini ta’minlash uchun standartlarda belgilanadigan talablar davlat boshqaruvi organlari, xo‘jalik faoliyati subyektlari rioya etishi uchun majburiydir.
Amaldagi qonunchilikka muvofiq majburiy sertifikatlashtirilishi lozim bo‘lgan mahsulotni standartlashtirishga doir normativ hujjatlar sertifikatlashtirishni amalga oshirishda rioya etiladigan talablarni, shuningdek ushbu talablarga muvofiqlikni nazorat qilish va sinash usullarini o‘z ichiga olishi lozim.
Mahsulot va texnologiyalarning ma’lum bir turlari yoki faoliyati turlarini standartlashtirish bo‘yicha ishlarni tashkil etish va amalga oshirish, shuningdek kursatilgan obektlar yuzasidan xalqaro (mintaqaviy) standartlashtirish ishlarini o‘tkazish bo‘yicha O’zbekiston Respublikasida 33 ta Texnikaviy qo‘mitasi (TQ) mavjud.
O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 12 dekabrdagi «Texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, sertifikatlashtirish va metrologiya tizimlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-4059-sonli qaroriga muvofiq «Standartlashtirish, sertifikatlashtirish va texnik jihatdan tartibga solish ilmiy-tadqiqot instituti» davlat muassasasi (Standartlar instituti) tashkil etildi.
Ushbu qaroriga asosan «Standartlashtirish, sertifikatlashtirish va texnik jihatdan tartibga solish ilmiy-tadqiqot instituti» davlat muassasasi standartlashtirish bo‘yicha tarmoq texnik qo‘mitalarining faoliyatini muvofiqlashtirish, standartlashtirish bo‘yicha normativ hujjatlarni, shu jumladan, shartnoma asosida xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar va boshqa tashkilotlarning arizalari bo‘yicha ishlab chiqish va realizatsiya qilish, shuningdek, texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, sertifikatlashtirish va metrologiya sohasida kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish bo‘yicha bazaviy tashkilot etib belgilandi.