Oʼzbekiston texnik jihatdan
tartibga solish agentligi


FUQAROLARNING  MUROJAATLARI

Fuqarolarning murojaati



“O‘zstandart” agentligining ochiq hay’at majlislarida hozir bo‘lish tartibi to‘g‘risidagi
NIZOM

Mazkur Nizom «Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq, O‘zbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi (bundan keyingi matinda — Agentlik) hay’at majlislarida hozir bo‘lish tartibini belgilaydi.
 

1-bob. Umumiy qoidalar

1. «Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 7-moddasiga asosan, Agentlikning faoliyati to‘g‘risida axborot izlashni amalga oshirayotgan jismoniy yoki yuridik shaxs axborotdan foydalanuvchi hisoblanadi.
2. Mazkur Nizom talablari Agentlik tomonidan ochiq hay’at majlisida ishtirok etish uchun taklif etilgan shaxslarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
3. Agentlik:
Mazkur Nizom asosida axborotdan foydalanuvchilarning ochiq hay’at majlislarida hozir bo‘lishi tartibini belgilashi;
Ochiq hay’at majlislarida axborotdan foydalanuvchilarning hozir bo‘lishi uchun sharoitlar yaratishi lozim.
4. Agentlikning hay’at majlislari ochiq tarzda o‘tkaziladi, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
5. Agentlik axborotdan foydalanuvchilarning tanishib chiqishlari uchun binoning hamma kirishi mumkin bo‘lgan xonalarida va (yoki) maxsus ajratilgan joylarida ochiq hay’at majlislarini o‘tkazish rejalari, shu jumladan majlislarning kun tartibi loyihalari, ular o‘tkaziladigan sana, joy va va qthamda boshqa zarur axborotlar axborot stendlari va (yoki) shunday maqsad uchun mo‘ljallangan texnik vositalarga majlis o‘tkazilishidan kamida uch kun oldin joylashtirishlari shart.

 

2-bob. Axborotdan foydalanuvchilarning ochiq hay’at 
majlislarida hozir bo‘lishi

6. Axborotdan foydalanuvchi Agentlikning ochiq hay’at majlislarida hozir bo‘lish uchun tegishli davlat hokimiyati va boshqaruvi organiga so‘rov bilan murojaat qiladi. So‘rov «Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 20-moddasida belgilangan talablarga muvofq rasmiylashtirilishi lozim.
Axborotdan foydalanuvchining identifikatsiyalash imkoniyatini beradigan ma’lumotlar ko‘rsatilmagan so‘rovlar anonim hisoblanadi va ko‘rib chiqilmaydi.
7. So‘rov kelib tushgan kuni Agentlik tomonidan alohida maxsus jurnalda ro‘yxatga olinadi va zudlik bilan ko‘rib chiqiladi. Mazkur jurnal hay’at mas’ul kotibi tomonidan yuritiladi.
8. So‘rovga asosan hay’at mas’ul kotibi axborotdan foydalanuvchini ochiq hay’at majlisida ishtirok etuvchilar ro‘yxatiga kiritadi hamda bu haqda axborotdan foydalanuvchiga ma’lum qiladi. Ochiq hay’at majlisining o‘tkazilish sanasi, vaqti yoki joyi o‘zgargan taqdirda, bu haqda axborotdan foydalanuvchiga ma’lum qilinadi.
9. Axborotdan foydalanuvchilar ochiq hay’at majlisiga shaxsini 
tasdiqlovchi hujjati asosida kiritiladi.
10. Axborotdan foydalanuvchi ochiq hay’at majlisiga kelmagan taqdirda, hay’at mas’ul kotibi tomonidan bu haqda maxsus jurnalga yozib qo‘yiladi.
11. Agentlik o‘zimkoniyatlaridan hamda axborotdan foydalanuvchilar sonidan kelib chiqib, ochiq hay’at majlisi o‘tkaziladigan zalda axborotdan foydalanuvchilar uchun joy tayyorlaydi. Axborotdan foydalanuvchilar ochiq hay’at majlisi o‘tkaziladigan zalga maxsus jurnaldagi qayd etish ketma-ketligi asosida joylashtiriladi.
Axborotdan foydalanuvchilar sonining ko‘pligi sababli, ularni ochiq hay’at majlisi o‘tkazilayotgan zalga joylashtirish imkoni bo‘lmagan taqdirda, ular ochiq hay’at majlisining borishini video tasvir orqali moneliksiz kuzatib borishlari mumkin bo‘lgan xonaga joylashtirilishi mumkin.
12. Agentlik tomonidan o‘zimkoniyatlaridan kelib chiqib, axborotdan foydalanuvchilar ochiq hay’at majlisining borishini video tasvir orqali moneliksiz kuzatib borishlari mumkin bo‘lgan alohida xona jihozlab qo‘yilishi mumkin.
13. Axborotdan foydalanuvchilar ochiq hay’at majlisi boshlangunga qadar belgilangan joyga yetib kelishi, ro‘yxatdan o‘tishi va belgilangan joyga o‘tirishi lozim. Axborotdan foydalanuvchilar raislik qiluvchi tomonidan majlis boshlanganligi e’lon qilingandan so‘ng kelgan taqdirda, kechikib kelgan hisoblanadi va hay’at majlisiga qo‘yilmaydi.
14. Axborotdan foydalanuvchi Agentlik tomonidan tasdiqlangan ochiq hay’at majlisining reglamentida belgilangan tartibda majlisda hay’at a’zolariga savollar bilan murojaat qilish huquqiga ega.
15. Axborotdan foydalanuvchi tomonidan hay’at majlislari davomida hay’at majlisi muhokamasiga taalluqli bo‘lmagan va ushbu majlisda muhokama qilinmagan masalalar bo‘yicha fikr-mulohazalar bildirilgan yoki savollar bilan murojaat etilgan taqdirda, unga mazkur masala bo‘yicha axborot olish tartibi tushuntiriladi.
16. Axborotdan foydalanuvchi hay’at majlisi o‘tkazilayotgan vaqtda tartibni buzmasligi shart. Axborotdan foydalanuvchi majlis o‘tkazilayotgan vaqtda tartibni buzgan taqdirda, raislik qiluvchi tomonidan ogohlantiriladi.
Axborotdan foydalanuvchi tartibni takroran buzgan taqdirda, u raislik qiluvchi tomonidan majlis o‘tkazilayotgan zaldan chiqarib yuboriladi. Mazkur holat yuzasidan hay’at mas’ul kotibi dalolatnoma tuzadi va dalolatnoma raislik qiluvchi tomonidan imzolanadi.
17. Axborotdan foydalanuvchilarga ochiq hay’at majlisini foto suratga, video tasvirga olishga, ovozyozish vositalaridan foydalanishga ruxsat berilmaydi.
18. Hay’at majlisi bayonnomasida ochiq hay’at majlislarida hozir bo‘lgan axborotdan foydalanuvchilarning ishtiroki haqida tegishli ma’lumotlar ko‘rsatilishi lozim.

 

3-bob. Yakuniy qoida

19. Mazkur Nizom O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi hamda Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti bilan kelishilgan.