Oʼzbekiston texnik jihatdan
tartibga solish agentligi


FUQAROLARNING  MUROJAATLARI

Fuqarolarning murojaati



Texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari
Texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari quyidagilardan iborat:
  • texnik jihatdan tartibga solishning iqtisodiyotni, moddiy-texnika bazasini rivojlantirish darajasiga, shuningdek ilmiy-texnik jihatdan rivojlantirish darajasiga muvofiqligini ta’minlash;
  • mazkur sohani rivojlantirish dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish;
  • mazkur sohani xalqaro (mintaqaviy) standartlar bilan uyg‘unlashtirish;
  • ilg‘or innovatsion va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish;
  • kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini takomillashtirish;
  • xalqaro hamkorlikni rivojlantirish.
Texnik jihatdan tartibga solish davlat tizimini quyidagilar tashkil etadi:
  • O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi;
  • O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi;
  • texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi vakolatli davlat boshqaruvi organlari;
  • texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi faoliyatni amalga oshiruvchi davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari;
  • standartlashtirish bo‘yicha milliy organ;
  • akkreditatsiya organi;
  • texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi ekspert komissiyalari;
  • muvofiqlikni baholash organlari, sinash laboratoriyalari.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi vakolatlari
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
  • texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi vakolatli davlat boshqaruvi organlarini belgilaydi va ularning faoliyatini muvofiqlashtiradi;
  • davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining muvofiqlikni baholashga doir faoliyatini muvofiqlashtiradi;
  • texnik reglamentlarni ishlab chiqish dasturini tasdiqlaydi;
  • texnik reglamentlarni tasdiqlaydi, ularga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritadi, shuningdek mazkur reglamentlarni bekor qiladi;
  • muvofiqlikni baholash organini tayinlovchi (notifikatsiya qiluvchi) organni belgilaydi, uning faoliyati sohasini va vazifalarini tasdiqlaydi;
  • axborot markazini tashkil etish to‘g‘risida qaror qabul qiladi, texnik reglamentlar, standartlar, muvofiqlikni baholash tartib-taomillari to‘g‘risida xabardor qilish tartibini belgilaydi;
  • O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida amalga oshirilgan muvofiqlikni baholash natijalarining O‘zbekiston Respublikasida tan olinishi tartibini tasdiqlaydi;
  • majburiy davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi lozim bo‘lgan, xavf darajasi yuqori bo‘lgan mahsulotlar ro‘yxatini tasdiqlaydi;
  • muvofiqlikni baholash qoidalarini, muvofiqlik to‘g‘risidagi deklaratsiyalarni ro‘yxatdan o‘tkazish, ularning amal qilishini to‘xtatib turish, qayta tiklash, tugatish tartibini belgilaydi;
  • texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi ekspert komissiyalarining faoliyat yuritish tartibini belgilaydi;
  • davlat nazorati organlarining vakolatlarini, ularning davlat nazoratiga doir faoliyatini muvofiqlashtirish tartibini, shuningdek davlat nazorati organlarining akkreditatsiya organi bilan hamkorligi tartibini tasdiqlaydi;
  • tegishli cheklovchi choralarni ko‘rish tartibini, xavfni baholash mezonlarini tasdiqlaydi;
  • yuqori xavf tug‘diradigan mahsulot to‘g‘risida tezkor ravishda o‘zaro xabar berish tizimining faoliyat ko‘rsatish tartibini tasdiqlaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
 
O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligining texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi vakolatlari
O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi maxsus vakolatli davlat organidir (bundan buyon matnda maxsus vakolatli davlat organi deb yuritiladi).
Maxsus vakolatli davlat organi:
  • texnik reglamentlarni ishlab chiqish dasturlarining loyihalari yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga umumlashtirilgan takliflar kiritadi;
  • davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining texnik reglamentlarni ishlab chiqishga doir faoliyatini muvofiqlashtiradi;
  • texnik reglamentlarni tasdiqlash, ularga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek mazkur reglamentlarni bekor qilish to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritadi;
  • texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi ekspert komissiyasini tashkil etadi;
  • davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari tomonidan ishlab chiqilgan tegishli texnik reglamentlarni ekspertizadan o‘tkazadi;
  • texnik reglamentlar talablariga rioya etilishini ta’minlaydigan hamda texnik reglamentlarda belgilangan mahsulotning muvofiqligini baholash uchun zarur bo‘lgan, namunalar olish, sinash va o‘lchash usullarini belgilaydigan standartlar ro‘yxatlarini tasdiqlaydi;
  • majburiy davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi lozim bo‘lgan, xavf darajasi yuqori bo‘lgan mahsulotlar ro‘yxatini shakllantiradi, shuningdek mazkur mahsulotlarning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishini ta’minlaydi;
  • xalqaro (mintaqaviy) standartlarning hamda texnik reglamentlarning vazirliklar va idoralar tomonidan joriy etilishini muvofiqlashtirishni amalga oshiradi;
  • texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshiradi;
  • texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarning majburiy talablarini buzganlikda aybdor bo‘lgan ishlab chiqaruvchilarga, ishlab chiqaruvchining vakolatli vakiliga, sotuvchilarga, import qiluvchilarga yoki ijrochilarga nisbatan moliyaviy sanksiyalarni qo‘llash yuzasidan sudga murojaat qiladi;
  • texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarga muvofiq emas deb topilgan mahsulotlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar reyestrini yuritadi;
  • muvofiqlik sertifikatlarining va muvofiqlik to‘g‘risidagi deklaratsiyalarning reyestrini yuritadi;
  • mahsulotning, uni ishlab chiqarish jarayonlarining yoki usullarining texnik reglamentlar talablariga muvofiqligi prezumpsiyasini ta’minlaydigan standartlar ro‘yxatini tasdiqlaydi;
  • texnik reglamentlarni qo‘llash bo‘yicha uslubiy tavsiyalarni tasdiqlaydi;
  • texnik reglamentlarning ma’lumotlar bazasini shakllantiradi va yuritadi;
  • O‘zbekiston Respublikasining muvofiqlikni baholash natijalarini o‘zaro tan olish to‘g‘risidagi va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi boshqa masalalarga doir xalqaro shartnomalarini tuzish bo‘yicha takliflar tayyorlaydi;
  • texnik jihatdan tartibga solish sohasida xalqaro hamkorlikni amalga oshiradi.

Maxsus vakolatli davlat organi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.

Texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi vakolatli davlat boshqaruvi organlari

Texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi vakolatli davlat boshqaruvi organlari (bundan buyon matnda vakolatli davlat boshqaruvi organlari deb yuritiladi) o‘z vakolatlari doirasida:
  • maxsus vakolatli davlat organiga texnik reglamentlarni ishlab chiqish dasturlarining loyihalari bo‘yicha takliflar kiritadi;
  • texnik reglamentlarning ishlab chiqilishini ta’minlaydi;
  • texnik reglamentlarni qo‘llash bo‘yicha uslubiy tavsiyalar ishlab chiqilishini ta’minlaydi va ularni belgilangan tartibda tasdiqlaydi;
  • texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi ekspert komissiyalarini tashkil etadi;
  • davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari tomonidan ishlab chiqilgan texnik reglamentlarni ekspertizadan o‘tkazadi;
  • texnik reglamentlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek mazkur reglamentlarni bekor qilish bo‘yicha takliflar tayyorlaydi;
  • texnik reglamentlar talablariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshiradi;
  • texnik reglamentlarning ma’lumotlar bazasini shakllantirishda ishtirok etadi;
  • texnik jihatdan tartibga solish sohasida xalqaro hamkorlikni amalga oshiradi.
Vakolatli davlat boshqaruvi organlari qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.

Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi vakolatlari

Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari o‘z vakolatlari doirasida:
  • maxsus vakolatli davlat organiga texnik reglamentlarni ishlab chiqish dasturlarining loyihalari bo‘yicha takliflar kiritadi;
  • texnik reglamentlar va ularni qo‘llash bo‘yicha uslubiy tavsiyalar ishlab chiqilishini amalga oshiradi;
  • texnik reglamentlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida, shuningdek mazkur reglamentlarni bekor qilish haqida takliflar tayyorlaydi;
  • texnik reglamentlarning ma’lumotlar bazasini shakllantirishda ishtirok etadi;
  • texnik reglamentlarga rioya etilishi ustidan nazoratni qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiradi.

Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.

Texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi ekspert komissiyalari

Texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi ekspert komissiyalari maxsus vakolatli davlat organi va vakolatli davlat boshqaruvi organlari huzurida shakllantiriladi.
Texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi ekspert komissiyasining tarkibiga davlat organlarining, iqtisodiyotning tegishli tarmoqlaridagi tadbirkorlik subyektlarining vakillari, ilmiy-tadqiqot institutlarining, laboratoriyalarning mutaxassislari, shuningdek texnik reglamentlar ekspertizasi uchun zarur bo‘lgan boshqa mutaxassislar kiradi.
Texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi ekspert komissiyalari texnik reglamentlar loyihalarini, ularga doir o‘zgartish va qo‘shimchalarni ekspertizadan o‘tkazadi, shuningdek amaldagi texnik reglamentlarni bekor qilish bo‘yicha takliflar hamda ularga oid xulosalar tayyorlaydi.
Texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi ekspert komissiyalarining faoliyati O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.