Yangi g‘oyalar taraqqiyotga xizmat qiladi

Poytaxtimizda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi va BMT Taraqqiyot dasturining "O‘zbekiston biznes forumi (3-bosqich)" qo‘shma loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan Yoshlar startap tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash dasturida g‘olib, deb topilgan IT-loyihalar taqdimoti bo‘lib o‘tdi. 

Unda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi, BMT Taraqqiyot dasturi, mamlakatimiz vazirlik va idoralari, korxonalari vakillari, biznes sohasidagi murabbiylar, oliy ta’lim muassasalarining talaba va o‘qituvchilari ishtirok etdi. 

O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi A.Shayxov, BMTning mamlakatimizdagi doimiy muvofiqlashtiruvchisi, BMT Taraqqiyot dasturining doimiy vakili S.Prisner va boshqalar innovatsiyalar diversifikatsiya qilingan hamda raqobatbardosh iqtisodiyotni shakllantirishda muhim o‘rin tutishini ta’kidladi. Kichik firmalar va startaplar esa ularni harakatga keltiruvchi kuchga aylanmoqda. Bunday tuzilmalar ayni paytda O‘zbekistonda ham tashkil etilib, izchil rivojlantirilmoqda. Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning 2012-yil 21-martdagi «Zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada joriy etish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori IT-loyihalarni amalga oshirish, yosh dasturchilarni qo‘llab-quvvatlash, innovatsion loyihalarni joriy etish uchun asos bo‘lib xizmat qilmoqda. Yoshlar startap tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash dasturi ham shunday loyihalardan biridir. 

Talabalar, professor va o‘qituvchilar uchun mo‘ljallangan ushbu dasturning maqsadi oliy ta’lim muassasalarida to‘plangan tajribani yanada ommalashtirish uchun IT-loyihalar bilan ishlash prinsiplarini takomillashtirishdan iborat. Mazkur dasturda ishtirok etish uchun 33 oliy o‘quv yurtidan 308 ariza qabul qilingan. Saralash bosqichlaridan so‘ng ta’lim, sog‘liqni saqlash, moda, umumiy ovqatlanish, transport xizmatlarini rivojlantirish sohasiga oid 13 loyiha final bosqichiga chiqdi. 

– Ko‘rish qobiliyatining pastligi yoki ko‘zi ojizlik o‘qish yoxud kasb egallashda muammoga sabab bo‘lishi mumkin, – deydi «Light by knowledge» loyihasi rahbari, O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining to‘rtinchi bosqich talabasi Ye.Sharipova. – Bunday kasalliklardan aziyat chekayotgan insonning brayl alifbosidagi zarur adabiyotni topishi qiyin bo‘ladi. Loyihamiz brayl yozuvidan foydalanilgan kitob va o‘quv qo‘llanmalarini ishlab chiqish hamda joriy etish, ko‘rish qobiliyati past kishilar uchun qisqa muddatli kurslar tashkil etishga qaratilgan. Bu esa ularga o‘z salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarish, o‘qish yoki o‘z ustida mustaqil ishlash uchun kerakli adabiyotni topish imkonini beradi. 

Tadbirda Yoshlar startap tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash dasturi final ishtirokchilari taqdirlandi.