Sifat va samaradorlik oshmoqda

Mamlakatimizda fuqarolar manfaatini himoya qilish, huquqiy madaniyatini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Kundalik hayotda fuqarolarning huquqiy masalalari yechimi yuzasidan ko‘proq murojaat qiladigan notarial va fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlari faoliyati takomillashtirilmoqda. 

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 14-noyabrdagi “Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim ahamiyat kasb etayotir. 

Farg‘ona viloyatida adliya idoralari, xususan, fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish bo‘limlari binolarini ta’mirlash, yangilarini barpo etish, moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash, soha xodimlarining samarali mehnat qilishi uchun qulay sharoit yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ushbu yo‘nalishdagi dastur ijrosi yuzasidan keyingi yillarda viloyatda 10 dan ziyod FHDYo bo‘limi va davlat notarial idoralari uchun yangi binolar barpo etildi. Xususan, Qo‘shtepa, Beshariq, Farg‘ona, Buvayda, Toshloq tumanlari FHDYo bo‘limlari va davlat notarial idoralarining yangi binolarida aholiga sifatli xizmat ko‘rsatilmoqda. Joriy yilda Bag‘dod va Oltiariq tumanlarida ham yangi Baxt uyi binolari qurilishi rejalashtirilgan. 

Yangi bunyod etilgan binolarda kelin-kuyovlarning nikohini qayd etish marosimlarini tantanali o‘tkazish, yoshlarni hayotga tayyorlashga yo‘naltirilgan sog‘lom turmush saboqlari, ro‘zg‘or sirlaridan xabardor etuvchi “Oila dorilfununi”, “Yosh oila quruvchilar maktabi” mashg‘ulotlarini tizimli ravishda o‘tkazish uchun barcha qulaylik yaratilgan. 

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan har yili adliya organlari va muassasalari xodimlarining malakasini oshirish bo‘yicha taqsimot reja ishlab chiqiladi. Mazkur rejaga muvofiq, shahar va tuman FHDYo bo‘limi xodimlari bosqichma-bosqich malaka oshirish kurslarini o‘tamoqda. 

Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida shahar va tuman FHDYo bo‘limlari xodimlari joylarda sayyor xizmatlarni yo‘lga qo‘ydi. Ular aholini sohaga oid qonunchilikdagi yangiliklar bilan tanishtirmoqda, 

– Yangi tasdiqlangan qoidalardagi yangilik va o‘zgarishlar fuqarolik holati dalolatnomalarini sifatli, mavjud qonunlarimizga muvofiq holda qayd etish hamda hujjat yuritishning zamonaviy talablarini bajarishga xizmat qiladi, – deydi viloyat adliya boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Ma’murjon Topvoldiyev. – Qonun fuqarolarning shaxsiy va mulkiy huquqlarini himoyalashni hamda davlat va jamiyat manfaatlarini hisobga olgan holda, fuqarolar hayotidagi muhim voqealar – tug‘ilish, nikoh tuzish, o‘lim va insonning muhim subyektiv huquqlari va majburiyatlarining yuzaga kelishi, o‘zgarishi va to‘xtatilishiga sabab bo‘ladigan boshqa holatlarning vakolatli organlarda qayd etilishini belgilaydi. Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish tuman va shaharlarda FHDYo organlari tomonidan amalga oshiriladi, o‘lim esa shaharcha, qishloq va ovullarda fuqarolar yig‘inlari raislari tomonidan ham qayd etilishi mumkin. 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev mamlakatimizni 2016-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy yakunlari va 2017-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining kengaytirilgan majlisidagi ma’ruzasida ta’kidlaganidek, biz uchun muqaddas bo‘lgan oila asoslarini yanada mustahkamlash, xonadonlarda tinchlik-xotirjamlik, ahillik va o‘zaro hurmat muhitini yaratish, ma’naviy-ma’rifiy ishlarni aniq mazmun bilan to‘ldirishdan iborat bo‘lmog‘i zarur. Albatta, bu ishda FHDYo organlari ham malakali va samarali xizmati bilan hissa qo‘shishi shart. 

Manba: O'zA