O‘zbekiston turizm salohiyati Ispaniyada namoyish etilmoqda

O‘zbekistonda turizmni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar jarayonida xorijlik sheriklar bilan hamkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayotir. Mamlakatimiz sayyohlik sohasida yaratilayotgan sharoit va imkoniyatlar turli xalqaro ko‘rgazmalar orqali butun dunyoga keng targ‘ib etilmoqda. 

18-yanvar kuni Madrid shahrida “FITUR – 2017” xalqaro sayyohlik ko‘rgazmasi ochildi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi, “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati, “Asia Adventures”, “Central Asia Travel”, “El Mundo Tour”, “Olimpic Tour Service”, “Oriental Tales”, “Shohina STD”, “Silk Tour” kabi sayyohlik kompaniya va firmalari ishtirok etmoqda. 

“FITUR” – eng yirik xalqaro yarmarkalardan biri. Bu galgi yarmarkada 165 mamlakatdan o‘n mingga yaqin sayyohlik firma va kompaniyalari vakillari, ekspert va mutaxassislar ishtirok etmoqda. Ko‘rgazma sayyohlik sanoatining barcha zamonaviy yo‘nalishlarini o‘zida mujassam etgan. 

O‘zbekiston mazkur xalqaro sayyohlik yarmarkasida bir necha yildan buyon faol qatnashib kelmoqda. 2015-yilgi yarmarkada mamlakatimiz milliy stendi “Eng yaxshi stend” maqomiga sazovor bo‘lgan edi. 

Bu gal ham “O‘zbekiston” milliy stendi o‘ziga xos yangi dizayni, bezaklari va mazmunan boyligi bilan ko‘rgazma ishtirokchilari e’tiborini tortmoqda. Unda mamlakatimiz tarixiy obidalari, xalqimizning milliy an’ana va qadriyatlari aks etgan. Samarqand, Buxoro, Xiva, Shahrisabz, Toshkent va boshqa tarixiy shaharlarimizning diqqatga sazovor joylariga oid rang-barang ma’lumotlar, xalq hunarmandligi buyumlari yarmarka ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otmoqda. 

Ko‘rgazma doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi Madridda qator xalqaro tashkilotlar rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazishi ko‘zda tutilgan. Muzokaralar davomida hamkorlikda amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan loyihalar yuzasidan fikr almashiladi. 

Manba: O'zA