O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligida Fransiya taraqqiyot agentligi (FTA) delegatsiyasi bilan uchrashuv o‘tkazildi. Unda Fransiya taraqqiyot agentligi bilan hamkorlikni kengaytirish, istiqbolli loyihalarni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Muloqot davomida xorijiy mutaxassislarga mahsulotlar sinovi va metrologiya sohasida zarur bo‘lgan loyihalar yuzasidan taqdimot qilindi va mavjud laboratoriyalar faoliyati bilan tanishtirildi.

O‘zbekiston milliy metrologiya institutida milliy etalonlarni saqlash, ulardan foydalanish bo‘yicha yaratilgan infratuzilma,  O‘zbekiston ilmiy-sinov va sifat nazorati markazi laboratoriyalaridagi shart-sharoitlar xalqaro standartlar va me’yoriy talablarga mosligi Fransiya taraqqiyot agentligi (FTA) delegatsiyasi tomonidan yuqori e’tirof etildi.

Shuningdek, malakali kadrlar tayyorlashda qo‘shma loyihalarni yo‘lga qo‘yish yuzasidan qator takliflar ilgari surildi. Uchrashuv yakunida hamkorlikni yanada rivojlantirish va rejalashtirilayotgan loyihalarni faollashtirishga kelishib olindi.