O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi direktori Akmal Jumanazarov Malayziya Standartlar departamenti (Malaysian Standards Department) bosh direktor vazifasini bajaruvchi Hussalmizzar Hussain va bosh direktor o‘rinbosari Puan Nor Latifah binti Hussin bilan uchrashdi.

Muzokaralar davomida O‘zbekiston Respublikasi Hukumati va Malayziya Hukumati o‘rtasidagi standartlashtirish va akkreditatsiya sohasida hamkorlik to‘g‘risida anglashuv memorandumini imzolash choralarini jadallashtirish masalasi ko‘rib chiqildi.

Mazkur hujjatni imzolash O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasida standartlashtirish va akkreditatsiya yo‘nalishlarida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, ikki mamlakat o‘rtasidagi savdodagi texnik to‘siqlarni bartaraf etish va hamkorlikning huquqiy shartnomalar bazasini kengaytirish imkoniyatini yaratadi.

Shu bilan birga uchrashuvda soha yo‘nalishida ikki va ko‘p tomonlama hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan qator masalalar muhokama qilindi.

Xususan, Xalqaro standartlashtirish tashkiloti (ISO), Halqaro elektrotexnika qo‘mitasi (IEC), Xalqaro Akkreditatsiya Forumi (IAF), Xalqaro laboratoriyalarni akkreditatsiya qilish hamkorligi (ILAC)da faollikni oshirish, milliy va quyi texnik qo‘mitalar faoliyatini takomillashtirish, kadrlar tayyorlash, bozor nazorati mavzulariga alohida e’tibor qaratildi.

Muloqot so‘ngida savdodagi texnik to‘siqlarni bartaraf etish, standartlashtirish va muvofiqlikni baholash sohasida keng ko‘lamli doimiy hamkorlik qilishga kelishib olindi.

Ma’lumot uchun: Malayziya Standartlar Departamenti (DSM) 1996-yildagi Malayziya standartlari to‘g‘risidagi Qonun (549-son)ga muvofiq milliy standartlar idorasi (NSB) va Milliy akkreditatsiya organi (NAB) sifatida faoliyat ko‘rsatadi. Standartlashtirish yo‘nalishida ISO, IEC, SMIIC va muvofiqlikni baholash sohasida IAF va ILAC xalqaro tashkilotlariga a’zo.