Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi direktori Akmal Jumanazarov Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA)ning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari janob Shin Myung Seop bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Muloqot davomida Agentlik va KOICA oʻrtasidagi hamkorlikning hozirgi holati va rivojlanish istiqbollari ikki idora oʻrtasidagi strategik hamkorlikning umumiy ustuvor yoʻnalishlari nuqtai nazaridan muhokama qilindi.

Soʻngi yillarda Oʻzbekiston–Koreya oʻrtasida texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish va muvofiqlikni baholash sohasida koʻp tomonlama mustahkam munosabatlar oʻrnatilganiga eʼtibor qaratildi. Shunindek, hamkorlikda bir necha loyihalar amalga oshirilgani va bu koʻp qirrali hamkorlikni kelgusida yanada kengaytirishi alohida taʼkidlandi.

Kelgusi yillardagi istiqbollar haqida fikr almashilib, Koreya Hukumati granti asosida tekstil, muzlatgichlar va qurilish materiallarining energiya samaradorligini baholash hamda quyosh panellari, bolalar oʻyinchoqlari sinov laboratoriyalarini tashkil etish taklifi berildi.

Oʻzbekiston–Koreya oʻrtasida soha yoʻnalishida oʻzaro manfaatli  hamkorlikni yanada kengaytirish, tomonlarning ulkan salohiyatidan toʻliq foydalanish, yangi istiqbolli loyihalarni ishga kengaytirish va yanada chuqurlashtirish boʻyicha fikr almashildi.

Janob Shin Myung Seop KOICA Oʻzbekistonni mintaqadagi asosiy hamkori deb bilishini va davlatlararo aloqalarni yanada faollashtirish uchun barcha choralarni koʻrishga tayyorligini  qayd etdi.

KOICA vakolatxonasi rahbari Agentlik, Oʻzbekiston ilmiy-sinov va sifat nazorati markazi hamda Oʻzbekiston milliy metrologiya instituti laboratoriyalarida amalga oshirilgan amaliy ishlar bilan tanishdi.

Milliy etalonlarni saqlash, ulardan foydalanish boʻyicha yaratilgan infratuzilma, ilmiy-sinov va sifat nazorati markazida laboratoriyalardagi shart-sharoitlar xalqaro standartlar va meʼyoriy talablarga mosligi Janob Shin Myung Seop tomonidan eʼtirof etildi. Tadbir yakuniga koʻra standartlashtirish, muvofiqlikni baxolash va texnik jihatdan tartibga solish soxasida keng koʻlamli doimiy hamkorlik qilishga kelishib olindi.