Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi direktori Akmal Jumanazarov Latviya Favqulodda va muxtor elchisi Reynis Troksh bilan uchrashdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi hamkorligida tashkil etilgan uchrashuvda Oʻzbekiston va Latviya texnik tartibga solish va standartlashtirish sohasida hamkorlik munosabatlarining hozirgi holati va istiqbollari, standartlashtirish sohasida hamkorlik koʻlamini kengaytirish, Yevropa va xalqaro standartlarni joriy etish, Latviya standartlar instituti va Latviya metrologiya instituti idorasi hamkorligida yuqori malakali kadrlar tayyorlash masalalari muhokama qilindi.

Standartlarni tarjima qilishga sunʼiy intellektni joriy qilish, sifat infratuzilmasiga grantlar va texnik koʻmakni jalb etish, soha yoʻnalishida oʻzaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish, tomonlarning ulkan salohiyatidan toʻliq foydalanish, yangi istiqbolli loyihalarni kengaytirish va yanada chuqurlashtirish boʻyicha fikrlar almashildi.

Eksport bozorlarini kengaytirish maqsadida savdodagi texnik toʻsiqlar, eksport-import mahsulotlarga qoʻyilgan talablarga  eʼtibor qaratildi. Uchrashuv yakunlari boʻyicha tomonlar hamkorlikni yanada kengaytirish, muhokama qilingan loyiha va tashabbuslarni amalga oshirishni jadallashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar koʻrishga sobit ekanliklarini bildirdilar.