O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi direktori Akmal Jumanazarov Polsha Standartlashtirish qo‘mitasi (PKN) prezidenti, Yevropaning CENELEC tashkiloti vitse prezidenti Yeva Zelinski bilan videokonferensiya tarzida uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston va Polsha standartlashtirish sohasida hamkorlik munosabatlarning hozirgi holati va istiqbollari, standartlashtirish sohasida hamkorlik ko‘lamini kengaytirish, texnik qo‘mitalar faoliyatini takomillashtirish, xalqaro standartlarni joriy etish va kadrlar tayyorlash masalalari muhokama qilindi.
O‘zbekiston–Polsha o‘rtasida soha yo‘nalishida o‘zaro manfaatli hamkorligini yanada kengaytirish, tomonlarning ulkan salohiyatidan to‘liq foydalanish, yangi istiqbolli loyihalarni ishga kengaytirish va yanada chuqurlashtirish bo‘yicha fikr almashildi.
Eksport bozorlarini kengaytirish maqsadida savdodagi texnik to‘siqlar, eksport-import mahsulotlarga qo‘yilgan talablar, CЕ markirovka masalasiga e’tibor qaratildi.
Uchrashuv yakunida Xalqaro Elektrotexnika Komissiyasi (IEC) Bosh Assambleya yig‘ilishi doirasida Texnik jixatdan tartibga solish agentligi va Polsha Standartlashtirish qo‘mitasi o‘rtasida hamkorlik yuzasidan anglashuv memorandumi imzolashga kelishildi.
Ma’lumot uchun: Polsha Standartlashtirish qo‘mitasi (PKN) faoliyati 1923-yildan boshlangan. Xalqaro standartlashtirish tashkiloti (ISO), Xalqaro elektrotexnika komissiyasi (IEC), Yevropa standartlar tashkiloti (CEN-CENELEC)ning to‘laqonli a’zosi. ISO tashkilotining 216 ta texnik qo‘mitasida to‘laqonli, 447 ta texnik qo‘mitasida kuzatuvchi sifatida ishtirok etadi va 2 ta Sekretariatni boshqaradi.