Anjumanda Texnik jihatdan tartibga solish agentligi, Respublika Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati, Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish agentligi, Texnik jihatdan tartibga solish agentligi mutasaddilari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.
Uchrashuvda jismoniy faollik hamda ovqatlanish meʼyor va qoidalariga amal qilmaslik, tarkibida tuz, qand, yogʻ miqdori koʻp boʻlgan taom va shirinliklarni meʼyoridan ortiq isteʼmol qilish, shuningdek yetarli darajada vitamin va minerallar isteʼmol qilmaslik oqibatida yoshlarda ratsional oʻsish va aqliy rivojlanishda ortda qolish, kattalarda esa yurak qon-tomir, endokrin, xavfli oʻsma kabi insonning erta oʻlimiga olib keluvchi qator kasalliklarning rivojlanishiga sabab boʻlayotgani aytib oʻtildi.
Maʼlumot uchun. Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasining 18-64 yoshdagi aholisi oʻrtasida oʻtkazilgan tadqiqot natijalari shuni koʻrsatdiki, har kuni aholining uchdan ikki qismi (67 foiz) yetarli miqdorda (400 grammdan kam) sabzavot va mevalar isteʼmol qiladi; aholining yarmi ogʻir vaznli, 20 foizi semiz; 46 foizining qonida xolesterin miqdori oshgan; aholining oʻrtacha tuz isteʼmoli kuniga 14,9 grammni tashkil etadi, bu Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti (JSST) tomonidan tavsiya etilgan miqdordan 3 baravar koʻp (kuniga 5 grammdan oshmasligi lozim).
Respublikamizda har yili noyabr oyida sifat haftaligi tadbiri oʻtkazib kelinayotgani, bunda sifatli va xavfsiz ovqatlanish tamoyillari, tarkibida tuz, qand va yogʻ miqdori belgilangan meʼyorlardan yuqori boʻlgan oziq-ovqat mahsulotlarini inson sogʻligʻi uchun zarari, bolalar va oʻsmirlar tomonidan kuchli gazlangan, rangli, shirin hamda energetik ichimliklarning isteʼmolini tartibga solish boʻyicha tavsiyalar va boshqa mavzular aks etgan reportajlar va lavhalar tayyorlanib, davra suhbatlari, brifinglar, uchrashuvlar va intervyular shaklida keng jamoatchilikka yetkazib kelinayotgan aytildi.
Sanitariya-epidemiologiya xulosasini rasmiylashtirish jarayonida 2022-yilning oʻtgan davrida oʻrganish hamda laboratoriya tahlililari natijalariga koʻra normativ hujjatlar talablariga javob bermagan jami 3540,8 tn va 4623 litr oziq-ovqat mahsulotlari isteʼmolga yaroqsiz deb topilgan va belgilangan tartibda yoʻq qilingan yoki qayta ishlangan.
Aholi orasida yuqumli oshqozon-ichak kasalliklari va guruhli ovqatdan zaharlanish holatlarining oldini olish borasida hamkorlikda 1150 ta reydlar oʻtkazildi, 149 marotaba bozorlarda, 375 ta umumiy ovqatlanish korxonalarida, 597 ta savdo doʻkonlarida va 142 ta oziq-ovqat ishlab chiqarish korxonalarida oʻrganishlar oʻtkazildi. Aniqlangan kamchilar yuzasidan 228 nafar fuqarolarga nisbatan maʼmuriy choralar qoʻllanilib, sifatsiz deb topilgan 36475 kg oziq-ovqat mahsulotlarining savdosi taqiqlandi. 564 nafar ishchi xodimlar tibbiy koʻrikdan oʻtmaganligi uchun vaqtincha ishdan chetlashtirildi. 25 ta obyektlarning ish faoliyati aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etgunga qadar vaqtinchalik toʻxtatilgani maʼlumot oʻrnida keltirildi.
Biroq oziq-ovqat mahsulotlarinig xavfsizligini taʼminlash tizimida oʻz yechimini kutayotgan muammolar mavjudligi, aholi va tadbirkorlarning sanitariya bilimlari va gigiyenik koʻnikmalari yetarli darajada boʻlmasligi natijasida ovqatdan zaharlanish holatlari qayd etilib kelinayotgani, bu jarayonlarga barham berishda tegishli masʼul vazirlik va idoralar hamkorligini kuchaytirish lozimligi taʼkidlandi.