Halqaro Elektrotexnika Komissiyasining (IEC) joriy yil 29-martdagi tegishli qaroriga asosan Oʻzbekiston Respublikasi IEC xalqaro tashkilotiga 2023-yilning 1-yanvaridan boshlab assotsialashgan aʼzo sifatida qabul qilindi.
Elektrotexnika va energetika sohasidagi IEC xalqaro standartlashtirish idorasi 1906-yilda tashkil topgan, bosh qarorgohi Jeneva shaxrida (Shvetsariya), rasmiy tillari ingliz, fransuz va rus. Aʼzo mamlakatlar soni 176 ta, shundan 62 ta full, 26ta associate member, 88 ta affiliate member hisoblanadi.
IEC xalqaro tashkilotining asosiy maqsadi - Energetika va elektrotexnika soxasiga oid standartlarni ishlab chiqish va nashr etish; ishtirokchi mamlakatlarning standartlarini uygʻunlashtirish orqali savdodagi texnik toʻsiqlarni bartaraf etish; muvofiqlikni baholash tizimini oʻzaro tan olish mexanizmini yaratish; metrologiya, laboratoriya sinovlari va standartlashtirishda yagona yondashuvlarga erishish; texnik qoʻmitalar faoliyatini takomillashtirish, yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash.
Kutilayotgan natijalar
Birinchidan, Oʻzbekiston Respublikasi uchun assotsialashgan aʼzolik maqomi IEC xalqaro tashkilotidagi mavjud 11 ming elektrotexnika va energetika sohalarida zarur boʻlgan xalqaro standartlardan foydalanish imkonini yaratadi.
Ikkinchidan, jahon ishlab chiqarish tizimi, xalqaro bozor talablari va iqtisodiy integratsiya jarayonlarida IEC xalqaro standartlarini qoʻllash mamlakatda iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning energiya samaradorligini oshirish, energiya tejovchi texnologiyalar va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy etish, zamonaviy texnologiyalar asosida mahalliy xom ashyo resurslarini chuqur qayta ishlash, import oʻrnini bosuvchi, eksport bozorlarida raqobatbardosh va yuqori qoʻshilgan qiymatli zamonaviy elektrotexnika va elektromaishiy mahsulotlar ishlab chiqarilishiga xizmat qiladi.
Uchinchidan, IEC xalqaro tashkiloti texnik qoʻmitalarida energetika va elektrotexnika standartlarni ishlab chiqishda ishtirok etish, mazkur sohalarda xalqaro talablar asosida mutaxassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish imkoniyati yaratadi.
Oʻzbekiston Texnik jixatdan tartibga solish agentligi
Xalqaro xamkorlik boshqarmasi