Bugungi kunda turmushda foydalaniladigan har qanday narsaning aniq oʻlchami, ularni oʻlchaydigan asbob–uskunalar mavjud. Oʻlchashlarni toʻgʻri amalga oshirish esa aniq hisob-kitoblarning muhim tarkibiy qismi hisoblanadi. Oʻlchashlar haqiqiy qiymatini aniqlash uchun oʻlchash vositasining oʻzi aniq va toʻgʻri qiymatlarni koʻrsatishi lozim.
Ushbu jarayonlarni muvofiqlashtiruvchi, toʻgʻri va aniq oʻlchashni taʼminlovchi soha bu – metrologiyadir. Gohida “Texnika asri”, gohida “Taraqqiyot asri” deb nomlanayotgan ushbu kunlarda barcha amalga oshirilayotgan ilmiy loyihalar muvaffaqiyatida metrologiyaning oʻrni beqiyos. Metrologiya rivojlanishga taʼsir etar ekan, uning oʻzi ham hamohang tarzda taraqqiy etib boraveradi.
Respublikamizda metrologiya xizmatlarini koʻrsatish yildan yilga rivojlanib bormoqda. Ayniqsa soʻnggi yillarda bizning mamlakatimizda ham metrologiya sohasiga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Joriy yilning 7-aprel kuni davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan “Metrologiya toʻgʻrisida”gi (yangi tahrirda) Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilingan edi. Mazkur qonuning 13-moddasida Oʻzbekiston Respublikasida oʻlchashlarning yagona birlikda boʻlishini taʼminlashga doir normativ hujjatlar sifatida oʻlchashlarni bajarish, oʻlchash vositalarini qiyoslashdan oʻtkazish, sinov vositalarini metrologik attestatsiyadan oʻtkazish va oʻlchash vositalarini kalibrlash uslubiyotlari belgilab qoʻyilgan.
Kuni kecha Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasida metrologiya xizmatlari koʻrsatish tartibini takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori ushbu jarayonlarning mantiqiy davomi hisoblanadi.
Hukumat qarori bilan oʻlchash vositalarini davlat sinovlaridan oʻtkazish, oʻlchash vositalarini metrologik attestatsiyadan oʻtkazish, oʻlchash vositalarini qiyoslashdan oʻtkazish, sinov vositalarini metrologik attestatsiyadan oʻtkazish va oʻlchash vositalarini kalibrlashdan oʻtkazish qoidalari tasdiqlandi.
Ushbu qarorning qabul qilinishidan asosiy maqsad Oʻzbekiston Respublikasida oʻlchashlarning yagona birlikda boʻlishi va tizimning normativ-huquqiy bazasini takomillashtirish, metrologiya xizmatlari koʻrsatishda shaffoflikni taʼminlash, oʻlchash va sinov vositalarining tavsiflarini baholash jarayonlarining qonuniyligi, shuningdek, mamlakatimiz hududida ularni muomalaga kiritishda ham, foydalanish jarayonida ham, ularning davlat tomonidan tartibga solinadigan sohada belgilangan maqsadi boʻyicha qoʻllanishga yaroqliligini tasdiqlash tartibini joriy etish hisoblanadi.
Qaror qabul qilinishi natijasida oʻlchash vositalarini davlat sinovlaridan, metrologik attestatsiyadan, qiyoslashdan, kalibrlashdan hamda sinov vositalarinii metrologik attestatsiyadan oʻtkazish boʻyicha umum-majburiy talablar belgilanib, normativ-huquqiy hujjatning qabul qilinishi, metrologik xizmatlarni koʻrsatishda yagona tartib koʻrsatildi. Metrologik xizmatlar koʻrsatish sohasidagi munosabatlar ushbu qarorda huquqiy jihatdan tartibga solinib, metrologik xizmatlarni amalga oshirilishining shaffofligini, shuningdek, metrologiya xizmatlari organlarining masʼuliyati belgilanishi va oshirlishini taʼminlandi.
Shuningdek, davlat metrologiya xizmati organlari va yuridik shaxslar metrologiya xizmatlarining “Metrologiya toʻgʻrisida”gi Qonunga muvofiq metrologik tekshiruv oʻtkazish boʻyicha berilgan vakolatlariga aniqlik kiritildi, shuningdek, vaqt sarfi va xarajatlariga taʼsir koʻrsatuvchi toʻsiqlar bekor qilinishi orqali xizmat koʻrsatish muddatlarini ikki barobargacha qisqartirishga erishilib, taqdim etiladigan hujjatlar soni ikki yarim martaga kamaytirildi hamda ularni elektron shaklda taqdim etishga imkoniyati yaratildi. Yana bir muhim jihat metrologik tekshiruv natijalari rasmiylashtirish blankalari qalbakilashtirilishini oldi olinadigan boʻldi.
Bu oʻz navbatida metrologiya sohasi doirasida amalga oshirilayotgan jarayonlarda ortiqcha byurokratik toʻsiqlarning paydo boʻlishini oldini olish bilan bir qatorda mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning yuqori sifatda boʻlishini taʼminlaydi hamda ularning jahon bozorlarida oʻz oʻrnini egallashga xizmat qiladi.